21:42 / 11.02.2021
9234
2020 yilda hududlar bo‘yicha davlat budjetiga tushgan tushumlar miqdori ma'lum qilindi

2020 yilda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida budjetga tushgan tushumlar miqdori kamaygan. Hududlar bo‘yicha eng ko‘p tushumlar Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Davlat soliq qo‘mitasi 2020 yilda davlat budjetiga tushgan tushumlar haqida ma'lumot berdi.

2020 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jami tushumlar miqdori 103,6 trillion so‘mni tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p tushumlar Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan (11 trillion 668 milliard so‘m). Bu ko‘rsatkich respublika umumiy tushumlarining 11 foizini tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2019 yilda Toshkent shahrida bunday tushumlar miqdori 20 trillion 151 milliard so‘mga teng bo‘lgan.

Keyingi pog‘onalarni Toshkent viloyati (3 trillion 288 milliard so‘m, bu ko‘rsatkich 2019 yilda 9 trillion 441 milliard so‘m bo‘lgan) va Farg‘ona viloyati (2 trillion 532 milliard so‘m, 2019 yilda 3 trillion 965 milliard so‘m bo‘lgan) egallagan.

O‘tgan yil davomida davlat budjetiga eng kam tushumlar Sirdaryo viloyati (766 milliard so‘m), Navoiy viloyati (1 trillion 41 milliard so‘m) va Jizzax viloyati (1 trillion 93 milliard so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2020 yilda davlat budjetiga tushumlarning eng katta qismi yirik soliq to‘lovchilar (67 trillion 672,7 milliard) tomonidan amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilda 10 trillion 353 milliard so‘mga teng bo‘lgandi.

Ma'lumot uchun, 2019 yilda davlat budjetiga tushgan tushumlar miqdori 83,2 trillion so‘mni tashkil qilgan. Hududlar bo‘yicha tushumlar miqdori kamayishiga qaramay, yirik soliq to‘lovchilar hisobiga 2020 yilda davlat budjetiga tushumlar miqdori ko‘paygan.

Avvalroq, eng ko‘p soliq to‘laydigan yirik soliq to‘lovchilarning o‘ntaligi haqida ma'lumot berilgan.

Top