20:36 / 16.02.2021
5270

«Yiliga ellikka yaqin harbiy xizmatchilar Yalta va Kislovodskda bepul davolanmoqda» – vazirlik

Tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilovning aytishicha, har yili ellikka yaqin harbiy xizmatchilar yoki ularning oila a'zolari Rossiya Federatsiyasining Yalta hamda Kislovodsk shaharlaridagi sanatoriylarda davolanmoqda. Mulozim barcha xarajatlar vazirlik tomonidan qoplanayotganini ma'lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 25 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga asosan harbiy xizmatchilarimiz oila a'zolari bilan davolanish bilan birgalikda yilda bir marta vazirlik tasarrufidagi ikkita sanatoriyda hordiq chiqarishi mumkin. Shu bilan birgalikda, so‘nggi ikki yilda shu narsa yo‘lga qo‘yildiki, Rossiya Federatsiyasida joylashgan Yalta hamda Kislovodsk sanatoriylarga yiliga ellikka yaqin harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarini jo‘natyapmiz.

Agar harbiy xizmatchi o‘zi borolmasdan ota-onasini yuborishni istasa, unga ham to‘sqinlik bo‘lgani yo‘q. Ular Yalta hamda Kislovodsk shaharlariga borib, sanatoriylarda 10-14 kun davomida davolanib kelishmoqda. Bularning hammasi Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy xizmatchilarni yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bepul ta'minlab berilmoqda», deya Nosir Fozilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U Yalta va Kislovodsk sanatoriylariga yuboriladigan harbiy xizmatchilar qaysi mezonlar asosida saralanishiga to‘xtalib o‘tdi.

«Harbiy qism komandirlari yoki muassasa boshliqlari o‘zlari bilgan, ya'ni yaxshi xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolari familiyalarini berishadi va vazirlikda Yalta va Kislovodsk sanatoriylarida davolanish uchun yuboriladigan shaxslarning ro‘yxati tuziladi. Mazkur ro‘yxatga asosan yil davomida harbiy xizmatchilar Yalta hamda Kislovodsk sanatoriylariga yuboriladi. Bu yerda hech qanday mezonlar belgilanmagan. Harbiy xizmatchi, avvalambor, xizmatini yaxshi olib borgan bo‘lsa, xizmati davomida biror qo‘pol qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, u serjantmi, ofitsermi, katta ofitsermi, generalmi, ushbu sanatoriylarga borish huquqiga ega», deydi Nosir Fozilov.

Shuningdek, mutasaddi harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolari Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy tibbiy muassasalarda davolanayotgan paytda tashxis qo‘yish, murakkab operatsiyalarni amalga oshirishning imkoni bo‘lmasa, bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash muassasalari bilan shartnoma asosida yotqizilib, bepul davolanayotgani, xarajatlar vazirlik tomonidan qoplab berilayotganini ta'kidladi.

Mavzuga oid
Top