14:27 / 20.02.2021
6454
Prezident: «Vaksinaning eng ma'qulini, pulidan qat'i nazar, xalqimizga kerakli miqdorda olib kelamiz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Namangan shahridagi yig‘ilishda aholini koronavirusga qarshi emlash masalasiga to‘xtaldi.

«Mana, emlash to‘g‘risida ko‘p-ko‘p gaplar bo‘lyapti. Albatta, biz ham Yevropa, Xitoy, Rossiyadagi ko‘p hamkorlarimiz bilan vaksina bo‘yicha ishlayapmiz. Hamkorlik qilib, albatta olib kelamiz.

Emlash choralarini albatta ko‘ryapmiz. Bu borada shoshilib bo‘lmaydi. O‘zim har haftada 2–3 kun o‘tiraman: qaysi vaksina eng ma'quli? Murojaatnomada aytganimdek, 3 trillion pulni zaxira qilib qo‘yganmiz.

Vaksinaning eng ma'qulini topamiz. Bizning iqlimimizga mos, xalqimizga foydasi ko‘proq bo‘ladigan vaksinani sotib olamiz. Yetti marta emas, o‘n marta o‘lchab, bir marta kesamiz.

Xalqimizning salomatligi – men uchun eng katta masalalardan biri. Qaysi vaksina ma'qul bo‘lsa, pulidan qat'i nazar, xalqimizga kerakli miqdorda albatta yetkazib olib kelamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ommaviy emlash tadbirlari mart oyida boshlanishi kutilmoqda.

Emlashda Rossiyaning «Sputnik V» va Xitoyning «ZF 2001» vaksinalari qo‘llanadi. Har ikkala vaksinadan 1 milliontadan doza sotib olinmoqda.

Birinchi bosqichda 4 112 668 nafar aholi emlanishi, bitta emlash punktida bir kunda 70 kishi vaksina olishi kutilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top