15:03 / 22.02.2021
4556
Toshkentda tez yordam xodimlari kaltaklanishi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

18 fevral kuni Toshkentda marhumning yaqinlari ikki nafar tibbiyot xodimiga tan jarohati yetkazgan edi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Poytaxt IIBBdan ma'lum qilishlaricha, 18 fevral kuni taxminan soat 23:50larda Yakkasaroy tumanidagi, I.Irgashev nomidagi 4-son shahar klinik shifoxonasidagi izolyator xonasida, 28 yoshli F.M. ikki nafar tanishi bilan tez yordam 3-sonli podstansiya shifokori 31 yoshli D.U. va feldsher 20 yoshli A.A.ni kaltaklagan.

Aniqlanishicha, F.M. onasi D.N.ning o‘limi shifokorlarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani sababli yuz bergan, degan fikrda bo‘lgan.

Marhum D.N. shu kasalxonaga tez yordam mashinasida, klinik o‘lim holatida olib kelingan.

Hodisa oqibatida ikkala tibbiyot xodimi ham Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

Jinoyat ishi JKning 277-moddasi («Bezorilik») bilan qo‘zg‘atildi. F.M.ning ikki nafar tanishining shaxsiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi tez yordam brigadasi chaqiruv joyiga 12 daqiqada yetib borganini ma'lum qilgandi.

Vazirlik kaltaklangan ikkala xodim ham reanimatsiyada ekani, holat yuzasidan huquq organlariga murojaat qilinganini bildirgan.

Top