21:05 / 27.02.2021
36332
1 martdan aliment undirish tartibi o‘zgarmoqda

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga asosan 2021 yil 1 martdan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha aliment majburiyatlarini bajarish qarzdorlar tomonidan Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisob varag‘i bilan birlashtiriladi. Bunda MIB tomonidan ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvchi (aliment oluvchi) nomiga tegishli bank plastik kartasi ochiladi hamda aliment pullari, shu jumladan qarzdorning ish haqidan ushlab qolingan aliment pullari ushbu aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisob varag‘i orqali mazkur bank kartasiga o‘tkaziladi.

MIB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, endilikda aliment majburiyatlari qay darajada bajarilayotganini davlat ijrochisi tomonidan mobil ilova orqali monitoring qilib borish imkoniyati yaratiladi.

Natijada:

  • aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining ijrosi va aliment undirilishini nazorat qilish ishlari qisman avtomatlashtiriladi;
  • aliment to‘lovchi va oluvchilarga qulaylik yaratiladi;
  • aliment to‘lovchilar masofaviy nazoratda bo‘ladi;
  • fuqarolar murojaatlari kamayadi.

Ma'lumot uchun, Majburiy ijro byurosida hozirda ish yurituvidagi 1 million 90 mingga yaqin ijro hujjatlarining 268 mingdan ortig‘ini (24,6 foizi) aliment to‘lovlariga oid ijro ishlari tashkil qiladi.

Top