Adliya vazirligi "Sud hujjati asosidagi ijro hujjatlarini uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxslarning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash bo‘yicha vakolatli davlat organlarining hamkorligi to‘g‘risida"gi nizomga qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 26 noyabrda 3196-2-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, aliment to‘lash majburiyati yuklagan sud hujjati bo‘lgan shaxslar sug‘urta polisini ilova qilgan holda davlat ijrochisiga iltimosnoma bilan murojaat etsa, ularning chet davlatga chiqishi bo‘yicha qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov to‘xtatib turiladi.
Bunda tegishli sug‘urta turlari faqat maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan sug‘urtalovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Sug‘urta polisi aliment majburiyatlarini bajarishni kafolatlashga xizmat qiladi.
Sug‘urta polisining mavjudligi va haqiqiyligi Majburiy ijro byurosi tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligining axborot tizimi orqali avtomatik tarzda tekshiriladi. Shu orqali davlat organlari o‘rtasida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, jarayon inson omilisiz, tezkor va shaffof tarzda amalga oshirilishi ta’minlanadi.







