17:28 / 27.02.2021
5436
«Hukumat jurnalistga shunday qilasan, bunday qilasan deyishi noto‘g‘ri» – Tanzila Norboyeva

Senat raisi Tanzila Norboyeva hukumat jurnalistning faoliyatiga aralashishi noto‘g‘ri ekani, O‘zbekiston hukumati ham bunday qilish niyatida emasligini ma'lum qildi. U bu haqda «Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomovaga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tgan.

Tanzila Norboyeva. Foto: YouTube/AmerikaOvozi

«Hukumat unga [jurnalistga] shunday qilasan, bunday qilasan deyishi noto‘g‘ri narsa. Hukumat bunday qilmoqchi ham emas. Men buni shu jarayonlarning ichida yurgan inson sifatida aytyapmanki, umuman bu to‘g‘risida gap-so‘z ham yo‘q. Qaytanga jurnalist va blogerlarning chiqishlari o‘rganishlar uchun asos sifatida qabul qilinib, ularga to‘liq reaksiya bildirilyapti.

Masalan, men har kuni davlat rahbaridan u yoki bu masalada ijtimoiy tarmoqlarda chiqarilgan ma'lumotlarni olaman. [Ushbu ma'lumotlar] «E'tibor bering», degan rezolyutsiya bilan keladi. Ya'ni men ijtimoiy tarmoqda ko‘tarilgan masalaga e'tibor berib, uni o‘rganishim kerak. Masalan, oxirgi o‘rganganimiz – ayollarning mardikor bozorida turgani bo‘yicha ma'lumotlar. Shu bo‘yicha men topshiriq oldim. O‘zim ham o‘qiyman bunday chiqishlarni. Lekin bu nimadan dalolat beryapti – ijtimoiy tarmoqlar hatto davlat rahbari darajasida monitoring qilinyapti, o‘qilyapti va tegishli chora ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilyapti. Mana shuning o‘zi erkinlikka misol bo‘la olmaydimi?!» deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Intervyu davomida Senat raisi matbuot erkinligi deganda nimani tasavvur qilishi, amaldorlar nima uchun jurnalistlardan o‘zini olib qochishi, oshkoralik va so‘z erkinligining ahamiyati haqida mulohazalarini bildirgan, keyingi paytda ochiqlik masalasida orqaga ketish kuzatilayotgani haqidagi savolga javob qaytargan.

«Ochiqlik, oshkoralik, OAV bilan muloqotga odatlanilmagani uchun balki boshlang‘ich davrda davlat jurnalistlardan cho‘chigandir. Buni qo‘rqish deb aytmagan bo‘lardim. Ayrim amaldorlarda tortinish, noto‘g‘ri gapirib qo‘yishdan xavotirlanish holatlari bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo hammada ham emas. Davlatimiz rahbari: ochiqlik-oshkoralik, jurnalistlar bilan ishlash – bu davr talabi, orqaga yo‘l yo‘q, deb aytdilar. Oshkoralik uchun hech kim hech qanday tazyiq o‘tkazishga haqqi yo‘q, bunday bo‘lmaydi ham. 

Ochiqlik bu – reallik. Ayrim holatlarda ochiqlik masalasida orqaga ketish bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu holatlarni davlatning siyosati deb bilmaslik kerak. Qayerdadir bu borada orqaga ketish kuzatilayotgan bo‘lsa, bu muayyan mutasaddilarning qandaydir harakatlari tufayli yuz berayotgan bo‘lishi mumkin. Buni davlatning harakati deb qabul qilish holatlari bor, bu noto‘g‘ri. Davlatimizning bugungi kundagi harakati ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash, jurnalistlar, blogerlar, umuman, barcha fuqarolarga erkinlik berishga yo‘naltirilgan. Maqsad: hammani eshitish, hammaning dardini tinglash, hammaga tegishli javoblarni berish – bu davlatimizning asosiy siyosati», dedi Tanzila Norboyeva.

Top