15:57 / 27.02.2021
3276

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvini yaxshilash uchun mikrograntlar ajratildi

BMT nogironligi bor insonlar huquqlari himoyasiga bag‘ishlangan 11ta loyihani ma'qulladi. Tanlab olingan loyihalar uchun 54 000 AQSh dollari miqdorida mikrograntlar ajratildi.

Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining nogironligi bor insonlar huquqlari himoyasiga bag‘ishlangan loyihalar tanlovi g‘oliblari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va nogironligi bor insonlar huquqlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Matilda Dimovska nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy moslashuvi va integratsiyasini yaxshilashda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik muhimligini ta'kidlab o‘tdi.

Komissiya 37ta loyihadan 11tasini ma'qulladi. Loyihalar nogironligi bor fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kengaytirish va ularning turli sohalarda faol ishtirokini ta'minlashga qaratilgan. 

Xususan, loyihalar orasida «Zamin» xalqaro jamoat fondining eshitish qobiliyati cheklangan bolalar hayoti haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish, «Inklyuziv jamiyat» nogironlar jamoat birlashmasining nogironligi borlarga buxgalteriya hisobi va kompyuter savodxonligini o‘rgatishga bag‘ishlanganlari ham bor. 

Tadbirda tanlab olingan 11ta loyihaga 54 000 AQSh dollari miqdorida  mikrograntlar topshirildi.

Top