19:31 / 28.02.2021
22904
«Farzandi bo‘la turib, bu yerga kelib qolganlarga juda achinaman» - qariyalar uyidan reportaj

Qariyalar uyi. Afsuski, bu tushuncha o‘zbek xalqiga begona emas. Kimdir ota-onasini, yaqinlarini bu yerga tashlab ketadi. Ushbu holatlar nima uchun ro‘y beryapti? Nima sababdan odamlar bir-biriga bemehr bo‘lib bormoqda? Kun.uz muxbiri o‘ksingan qalblarga biroz malham bo‘lish maqsadida ikkinchi marta qariyalar uyiga tashrif buyurdi.

Samarqand shahridagi "Saxovat" keksalar va nogironligi bo‘lgan insonlar uchun internat uyiga tashrif buyurdik. Ushbu muassasada 138 nafar keksa va nogironligi bor shaxslar istiqomat qilishadi. Bundan avval Ohangaron shahridagi muassasada bo‘lgandik. Bu safar ham hayotiy kechinmalar sizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

“Farzandim bo‘lganida bu yerga kelmasdim”

Malika Shodmonova, 60 yosh:

“Bulung‘ur tumanidanman. Bu yerga 2003 yilda kelganman. 2 marta turmush qilganman. Birinchi turmushimdan 2 farzandli bo‘ldik. Lekin ikkisi ham vafot etdi. Biri tug‘ma kasallikdan, biri qo‘shnimizning kuchugidan qattiq qo‘rqqanidan yuragi toyib olamdan o‘tdi. Keyin orada turmush o‘rtog‘imdan ham ajraldim. U yerda meni ushlab turadigan hech narsa bo‘lmagach, amakimning o‘g‘linikida oilasi bilan 3-4 yil yashadim. Ota-onam uzoq yillar oldin vafot etishgandi. Bu vaqt oralig‘ida insultga chalinib qoldim. O‘ng tarafim ishlamay qoldi.

Malika Shodmonova

Aka-opalarim dori-darmonlarimga qarashdi. Ulardan minnatdorman. Kasal bo‘lganingizdan keyin atrofdagilarga malol kelganday bo‘larkansiz. Menda ham shu holat bo‘ldi va yaqinlarimga og‘irligim tushmasligi uchun qariyalar uyida yashash uchun hujjatlarimni tayyorladim. Bu qarorimga opam qarshi bo‘lib, o‘zining uyiga chaqirdi. Lekin u yerga borolmasdim, chunki uning oilasi, turmush o‘rtog‘i bor. Ortiqchalik qilaman, deb unamadim.

Bu yerga kelgach, ikkinchi marta turmush qurdim. Erim bolalar uyida ulg‘aygan. U ham yolg‘iz edi. Bir-birimizga mehrimiz tushib qoldi, oila qurdik. Shundan beri baxtli yashab kelyapmiz.

Qariyalar uyida 8 nafar farzandi bor insonlar ham bor. O‘n farzandi bo‘lgan otaxon ham yashardi, yaqinda olamdan o‘tdi. Bunday insonlarning holatini ko‘rib hayron qolaman, xafa bo‘lib ketaman, achinaman.  Menda hech bo‘lmaganda bitta farzand bo‘lganida edi, bu yerlarga kelmagan bo‘lardim. Farzandi borlarga havasim keladi. Bir oilaning bekasi bo‘lib yashash niyatim bor edi. Afsuski, unday bo‘lmadi”.

“Kimga qancha kuch bilan zarb bersang, senga shuncha aks-sado qaytib keladi. Bu qaytar dunyo”

Ahmad Hamroyev, 62 yosh:

“Yoshim 62da. Buxoro viloyati, Kogon tumanidanman. Ma'lumotim oliy. O‘zbekiston Milliy universiteti (avvalgi ToshDU) fizika fakultetining yadro fizikasi va kosmik nurlar mutaxassisligini tugatganman. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutida dars berganman. Keyin viloyat komsomol qo‘mitasida ishchi yoshlar bo‘limi instruktori bo‘lib ishlaganman. So‘ngra oilaviy sharoit tufayli Toshkent shahriga ko‘chib o‘tganman. Uy-joy kommunal sohasida usta lavozimidan boshqarma boshlig‘igacha bo‘lib ishlaganman.

Ahmad Hamroyev

Birinchi oilamdan 2 nafar, ikkinchisidan 1 nafar farzandim bor. Birinchi rafiqam toshkentlik edi. Men esa buxorolik. Ota-onam vafot etgandan keyin Buxoroga qaytishga to‘g‘ri keldi. Rafiqam qaytishni xohlamadi va biz tinch yo‘l bilan ajrashdik. Shunday qilib men Buxoroga qaytib ketdim va boshqa oila qurdim. Farzandlarim Toshkentda qoldi onasi bilan. Katta o‘g‘lim AQShda. Qizim Toshkentda yashaydi, dizayner. Kurashchi Abdulla Tangriyevga turmushga chiqqan. Nevaralarim bor.

Ikkinchi oilamdan o‘g‘lim Angliyaning Manchester universitetida magistratura bosqichida o‘qiydi. Ikkinchi oilam bilan turmushimiz yomon o‘tmagan. Bu orada rafiqam vafot etdi. Ko‘zim ojiz bo‘lgani uchun bu menga yanayam og‘ir bo‘ldi. Yaqinlarimga og‘irligimni tushirmaslik uchun 2011 yilda shu yerga hujjatlarimni tayyorlab keldim.

2007 yilda may oyining oxirgi kunlarida gipertoniya kasalligim tufayli ko‘zim kapillyarlari nervlari yorilib, ko‘z nuridan ajraldim. Malakali shifokorlar ko‘rigiga borib davolanishga harakat qildim. Operatsiya qilib faqat bitta ko‘zimni sal xiraroq ko‘radigan qilib davolaymiz, lekin 6 oydan keyin bu ham o‘z ta'sirini yo‘qotib, yana oldingi holatga qaytishini shifokor tushuntirdi. Taqdirga tan berib yashayverdim. Oradan 4 yil o‘tib, 2011 yilda qariyalar uyiga keldim. Bu yerda barcha sharoitlar bor.

Ota-onasini bu yerga tashlab ketadiganlarga shunday degan bo‘lardim: “Tayoqning ikki tomoni bor. Bir tomoni bilan ursang, ikkinchi tomoni o‘zingga tegadi. Fizik olim Nyutonning tortishish qonuni bor: Kimga qancha kuch bilan zarb bersang, senga shuncha aks-sado qaytib keladi. Bu qaytar dunyo. Oxirini o‘ylab ish qilish kerak”.

“Bolalarim olib ketamiz, deyishyapti, ammo...”

 Abdukarim Abdurasulov, 77 yosh:

 “Oqdaryo tumanidanman. Maktabni bitirganimdan keyin armiyada xizmat qildim. Undan keyin oliygohda jismoniy tarbiya fakultetida o‘qidim va kurash bo‘yicha sport ustasi bo‘ldim. O‘qishni tugatib, murabbiy bo‘lib shogirdlar yetishtirdim. Bu orada uylandim. Farzandlar ko‘rdik. Yaxshi yashab kelayotgandik. Lekin bir kuni ayolim boshqasi bilan munosabatda ekanligini bilib qoldim. G‘azablandim, o‘zimni qo‘yarga joy topolmadim, tabiiyki. Keyin bu yerdan uzoqroqqa ketishimni maslahat berishdi. Bu yerda qoladigan bo‘lsam, jahl ustida ayolimga nimadir qilib qo‘yishdan qo‘rqdim.

Abdukarim Abdurasulov

Tojikistonga ketib qoldim va o‘sha yerda oila qurdim. Birinchi oilamni qarovsiz qoldirmadim. Ularga yordam berardim. Ikkinchi oilamdan ham farzandlarim bor. Ular mening bu yerdaligimni bilishmaydi. Xabar topishsa, darrov olib ketishadi. Ma'lum muddatdan keyin Tojikistondan qaytib keldim. O‘g‘lim onasining oldidan o‘tolmay, men bilan bordi-keldi qilmadi. Keyin men singlimnikiga bordim.

U yerda ozroq yashadim. Singlimning turmush o‘rtog‘i piyonista edi. Ro‘zg‘orga qaramasdi. Men shunda singlimga yordam berardim. Singlimga shuncha yordam qilganimga qaramasdan boshqa akamnikiga borib yashay qoling, dedi. Bu gapi juda alam qildi. Keyin ketib qoldim akamnikiga. U yerda ham ozroq yashadim. Akam mehribon edi. So‘ng hech kimga og‘irligim tushmasin, deb shu yerga keldim. Mana, 4 yildan beri shu yerdaman.

Bir o‘g‘lim, uch qizim bor. Farzandlarim kelib turadi. Karantin bo‘lgani uchun kelisholmayapti. Hammasi menga mehribon. Telefon orqali yo‘qlab turishadi. Bu yerda bizga yaxshi qarashadi, kamchiligimiz yo‘q. Bolalarim olib ketamiz, deyishyapti, lekin kelinimga malol kelarmikin, deb o‘ylab shu yerda qolishga qaror qildim”.

“Bu yerga kelgunimcha har kuni yig‘lardim”

Mavjuda Ergasheva, 63 yosh:

 “Onalar haqida qo‘shiq eshitsam har kuni yig‘lardim. Bu yerga kelganimdan beri ko‘zyoshi qilmay qo‘ydim. Chunki qariyalar uyi xodimlari bizga juda mehribon, yordamlarini ayashmaydi. Bu yerga kelgunimcha har kuni yig‘lardim. Chunki yonimda hech kim yo‘q edi”.

Mavjuda Ergasheva

Keksalar uyida barcha sharoitlar bor, bunga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Ammo yaqinlar mehri, e'tibori juda tanqis ne'mat u yerda. O‘zbek xalqimiz bolajon-da baribir. Butun umr farzandim, deya yashaydi. Nima qilsayam farzandini yomonlamaydi. Biz suhbatda bo‘lgan otaxon-u onaxonlarimiz bizga farzandlari yo‘qlab kelishini aytishdi-yu, ammo hamshiralarning aytishicha, aslida vaziyat boshqacha. Ularning hammasi farzandlari hech bo‘lmaganda bir bora kelishini ko‘z tikib kutib turishibdi.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri

Tasvirchi - Fahriddin Hotamov,
Montaj ustasi -  Muhammadjon G‘aniyev.

Top