Tig‘iz zamonda yashayapmiz. Har doim nimagadir shoshilamiz, rejalashtirgan ishlarimizni tezroq qilishga harakat qilamiz. Bir vaqtning o‘zida ko‘p yumushlarni bajarishni istaymiz. XXI asr insonga juda ko‘p yengilliklarni hadya etgan bo‘lsa-da, oramizdan mehr-oqibatni olib ketgandek.

Bugun mehr-e'tibor tanqislashib borayotgandek nazarimizda. Yaqinlarimizni, hatto ota-onamizni yo‘qlash, qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rashga-da vaqt topolmay qolamiz ba'zida.

Shu mulohazalar bilan, kuni kecha Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi «Saxovat» keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uyi – xalq tilida qariyalar uyida bo‘lib, u yerdagi turfa taqdir egalari bilan suhbatlashdik.

«O‘g‘lim va kelinimga og‘irligim tushmasin deyman»

Erkin Xolmatov, 66 yosh:

— Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidanman. Kasbim traktorchi, keyin haydovchilik qildim. Peshonamga yozilgan ekan, yurolmay qoldim.

Farzandlarni birlashtirib, inoq yashashini ta'minlab turishda ota-onaning o‘rni katta ekan. Ota-onam vafot etishganidan keyin aka-ukalarimiz o‘rtasida munosabatlar sovishni boshladi. Ayolim tirikligida birmuncha yaxshi edi. Kampirim tirik bo‘lganida bu yerga kelmasmidim...

Bu yerga kelganimda aka-ukalarim yo‘q, deb yolg‘on gapirganman. Lekin yashirmayman, aka-ukam bor, ular hayot, o‘zlariga to‘q. Mehr-oqibatimiz yo‘qolgan...

Sabab? Nogironligim bo‘lsa kerak. Qo‘lingizdan ish kelsa, sizni qadrlasharkan, bo‘lmasa, hech kimga keragingiz bo‘lmay qolarkan. Bandasini nogiron qilmasin ekan. Bu biz uchun bir sinov.

Ikki qiz, bir o‘g‘lim bor. O‘g‘lim Qozog‘istonda ishlab kelaman, deb o‘sha yerda qolib ketdi. 6 farzandi, ayoli bilan o‘sha yerda uy-joy qilib yashayapti. O‘g‘lim ishlari yurishib ketgandan keyin meni ham olib ketdi. Birga yashadik. Lekin u yerda yashashga juda qiynaldim. Hamma sharoit bor. Ammo... birovning qosh-qovog‘iga qarash, to‘g‘ri muomala qilish nihoyatda og‘ir ekan. Deyarli ko‘chaga chiqarishmasdi; ba'zida o‘g‘lim ko‘cha boshiga aylantirib kelardi.