10:04 / 02.03.2021
11994
Aleksandr Lukashenko to‘ng‘ich o‘g‘liga general unvonini berdi
Foto: Nasha Niva

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bir qator shaxslarga maxsus va harbiy unvonlar berilishi haqidagi farmonni imzoladi. Jumladan, Lukashenko farmon bilan o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li Viktor Lukashenkoga zaxiradagi general-mayor unvonini berdi.

Belarusda general va polkovnik unvonlari faqatgina prezident farmoni bilan beriladi. Aleksandr Lukashenkoning o‘zi esa podpolkovnik va bosh qo‘mondon unvonlariga ega. U 2019 yil kursantlar bilan suhbatda o‘ziga polkovnik unvonini bera olmasligini aytgan.

“Men bunga loyiqligimni bilgan taqdirda ham, o‘z-o‘zimni taqdirlay olmayman. Menda bunday muammo yo‘q. Kimnidir taqdirlash haqidagi farmonni imzolaganda esa xursand bo‘laman”, deb aytgan o‘shanda Lukashenko.

Belarus prezidenti o‘g‘lidan tashqari, bir qator boshqa shaxslarga general unvonlarini bergan.

26 fevralda Belarus yetakchisi o‘z o‘g‘li Viktor Lukashenkoni saylash bilan egallanuvchi lavozimga o‘tishi munosabati bilan milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi lavozimidan ozod qilgandi.

45 yoshli Viktor Lukashenko Belarus Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti etib saylangan. Bungacha 1997 yildan ushbu lavozimni Aleksandr Lukashenko egallab kelgan. 

Belarus prezidenti o‘g‘li XOQ prezidenti etib tayinlansa, uning davlat xizmatchisi bo‘lmasligiga va milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchi lavozimidan ozod qilishga va'da bergan. Shuningdek, u hokimiyatni o‘g‘illariga, jumladan to‘ng‘ich o‘g‘liga topshirishi haqidagi gaplarni rad etgan. 

Top