12:59 / 02.03.2021
3248
Toshkentda Milliy gvardiyaga ishga kiritish uchun 4 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi

U o‘zini ichki ishlar organi xodimi sifatida tanishtirgan va so‘zlarining tasdig‘i sifatida qalbaki guvohnoma ko‘rsatgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, fuqaro N. fuqaro D.ning ishonchiga kirib, u Milliy gvardiyaga ishga kirish niyatida ekanini bilib olgan. Fuqaro o‘zining ichki ishlar organi xodimi ekanini aytib, so‘zlari tasdig‘i sifatida qalbaki xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan va Milliy gvardiya tizimiga tanishlari orqali D.ni ishga kiritib qo‘yishga ishontirgan.

Toshkent shahar IIBB va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi fuqarodan 4 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Gumonlanuvchi muqaddam tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyat sodir qilgani uchun sudlanib chiqqani aytilmoqda.

«Mazkur holat yuzasidan fuqaro N.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 28-moddasi (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (Pora berish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deyiladi departament xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Samarqandda 27 500 dollar, Kasbida 2 000 dollar, Angrenda 1500 dollar evaziga Milliy gvardiyaga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan edi.

Avvalroq «Bunyodkor» stadionining qo‘riqlash xizmatiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 dollar, Navoiyda viloyat IIBga qarashli jazoni ijro etish muassasalaridan biriga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 2000 dollar, Bulung‘urda tuman tibbiyot birlashmasiga farroshlikka ishga kirishida yordam berishi evaziga 1200 dollar, Navoiyda ichki ishlar tizimiga ishga kiritib qo‘yish uchun 6000 dollar, Jizzaxda «O‘zbekiston» lokomotiv deposi Jizzax filialiga haydovchilikka ishga kiritib qo‘yish evaziga 1 000 dollar, Boyovutda tuman tibbiyot birlashmasiga hamshiralik lavozimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 300 dollar so‘ragan shaxslar ushlangan edi.

Top