21:10 / 03.03.2021
6842

Ukraina butun mamlakat bo‘ylab bir xil vaqt tizimiga o‘tmoqda

Ukraina Yuqori radasi birinchi o‘qishda mamlakatning qishki va yozgi vaqt tizimiga o‘tishini bekor qiluvchi qonun loyihasini ma'qulladi. Qonun amalga kirganidan so‘ng Ukrainada bir xil – Kiyev vaqti amalda bo‘ladi. Kiyev vaqti butunjahon bo‘ylab taqqos sifatida qilib qabul qilingan Grinvich vaqtidan +2 soat farq bilan yuradi.

Foto: FPV

O‘zgarishga ko‘ra, endi Donbassda ham Kiyev vaqti amalda bo‘ladi: «Vaqt tizimining bir xil bo‘lishi vaqtincha egallab olingan hududlarni qaytib olishda qulaylik tug‘diradi», deyiladi qonun loyihasiga berilgan izohda. Qonun loyihasining ijodkori «Sluga naroda» partiyasi a'zosi, parlament vitse-spikeri Ruslan Stefanchuk hisoblanadi. Uning fikricha, bu qonun Ukrainaning Rossiya ta'siridan chiqishiga yordam beradi.

Stefanchukning aytishicha, qishki va yozgi vaqtga o‘tish odamlarning salomatligiga yomon ta'sir qiladi. Vaqtni o‘zgartirish amaliyoti energiyatejamkorlikka yordam berishi haqidagi gaplar esa vitse-spikerning fikricha safsata.

Ma'lumot uchun, 2011 yilda ham deputatlar vaqt tizimini o‘zgartirishni qo‘llab ovoz bergan, lekin buni Ukrainaning g‘arbiy qismida yashovchilar tomonidan salbiy kutib olishgan. Chunki vaqt tizimining o‘zgarmasligi ular doimiy erta turishiga sabab bo‘lardi. Jamoatchilik ta'siri bilan qonun qabul qilinmagandi. Ukraina bu mavzuga yana qaytishiga sabab Yevroparlament bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, Ukraina mart oyining oxirgi yakshanbasiga qadar yozgi vaqtga o‘tadi. Qishki vaqtga esa oktyabrning oxirgi yakshanbasida o‘tadi. Agar qonun loyihasi tasdiqlansa, mart oyi oxiridagi vaqt almashishi oxirgisi bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top