14:59 / 04.03.2021
8567
Sodiq Safoyev prezident saylovi va ishlamayotgan partiyalar haqida gapirdi

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kirill Altmanning «Alter Ego» loyihasiga intervyu berdi. Suhbat davomida 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlari haqida savol bilan murojaat qilindi.

«Mening fikrimcha, bu yilgi saylovlar avvalgi yillarda amalga oshirilgan islohotlarga baho berish bo‘yicha referendumga o‘xshash bo‘ladi. Aynan shuning uchun u juda muhim. Saylovlar boshqacha sharoitda bo‘lib o‘tadi, bugun O‘zbekiston ham, fuqarolik jamiyati ham, ommaviy axborot vositalari ham, ochiqlik ham umuman boshqacha, baholash darajasi qattiq bo‘ladi. Menimcha, vazifa oddiy va u ikki qismdan iborat. Birinchisi, eng asosiysi, xalq bu halol va adolatli saylov ekanini ko‘rishi kerak. Ikkinchisi, xalqaro hamjamiyatning saylovlarni tan olishi. Shavkat Mirziyoyevdan boshqa nomzodni men ko‘rmayapman. U shu islohotlar tashabbusi bilan chiqdi. Menimcha, unga keyingi muddat uchun yangi mandat berilishi O‘zbekiston kelajagi uchun o‘ta muhimdir», dedi Sodiq Safoyev.

Shuningdek, Senat raisi birinchi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ma'lum bir sinflar, tuzilmalar manfaatini o‘zida aks ettirgan ijtimoiy-siyosiy institut, partiyalar bugungi kunda ishlamayapti. 

«Aynan ular blogerlar, fuqarolik jamiyati, ijtimoiy tarmoqlar tomonidan olib chiqilayotgan masalalarni ko‘tarishi kerak. Aynan siyosiy partiyalar aholining turli qatlamlari manfaatini aks ettirgan siyosiy shiorlar hamda siyosiy dasturni shakllantirishi va ilgari surishi lozim. Sizga bir ma'lumotni ochiqlayman: prezident ularni haqiqiy siyosiy partiya bo‘lishga undaydi, bu uchrashuvlar davomida ham yuz beradi. Ular uchun barcha sharoit yaratilgan, takliflari amalga oshiriladi. Yana hammasi kadrlar, odamlar, ularning tayyorgarlik darajasiga borib taqaladi. Ishonchim komilki, hozir jarayon ketmoqda, bu umuman boshqa siyosiy partiyalar bo‘ladi. 

Agar biz islohotlarga baho berish bo‘yicha referendum haqida gapiradigan bo‘lsak, bu islohotlar uncha yoqmayotgan kishilar ham bor. Ular hozir ketayotgan modernizatsiya jarayoni amalga oshishini istamaydi, bunga turli sabablar bo‘lishi mumkin. Ammo, bu holatni ham aks ettiruvchi siyosiy partiyalar bo‘lishi lozim, odamlar shu masalani ko‘tarib chiqayotgan partiya nomzodiga ovoz berishsin. Muqobil dasturlar, muqobil nomzodlarsiz saylovlar to‘laqonli, adolatli va halol bo‘lishi mumkin emas», dedi Sodiq Safoyev.

Top