09:24 / 06.03.2021
3646
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi Buxoroda olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlari va tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini o‘rgandi (Foto)

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari Buxoro viloyatining Gazli hududida bo‘lib, neft-gaz sohasida bajarilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tashrif davomida asosan, geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, uglevodorod xomashyosi zaxiralarini o‘stirish, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish borasida olib borilayotgan ishlar holati joylarga chiqib o‘rganildi.

Boshqaruv raisi rahbarligi ostidagi “Ishchi guruh” geologiya-qidiruv ishlarining borishi, yangi izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash hamda uglevodorod xomashyosi zaxiralarini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni o‘rganish maqsadida Gazli hududida bo‘ldi.

Ta'kidlash kerakki, ayni vaqtda Gazli hududida joylashgan “Shortak”, “Andakli”, “Janubiy Oqqum” va “O‘rtaqum” konlaridagi 4 ta qidiruv quduqlarda burg‘ilash, shuningdek, “Sulaymontepa”, “Chetqum”, “Kattatepa” va “Toshqal'a” maydonlari hududida esa 4 ta yangi izlov quduqlari burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi dastlab, “Savatli” konidagi 14-, 15-sonli ishlatish quduqlaridagi burg‘ilash jarayonlari bilan tanishishdan boshladi.

“Savatli” konidagi 14-, 15-sonli quduqlarda, mos ravishda 2020 yilning noyabr va dekabr oylarida burg‘ilash ishlari boshlanib, ular 2021 yilning yanvar–fevral oylarida tugatilgan. Hozirda ushbu quduqlarni mahsuldorlikka sinash ishlari olib borilmoqda.

Boshqaruv raisi 14-sonli quduqdagi burg‘ilash uskunasini demontaj qilish hamda 15-sonli quduqning dastlabki sinash oralig‘ida kapital ta'mirlash ishlari bilan tanishib, haqiqiy holatdan kelib chiqqan holda, ishchi-xodimlarning fikr-mulohazalari, takliflarini inobatga olib muammolarni aniqladi.

Boshqaruv raisi ushbu kon va quduqlarda ishchi-xodimlarga yaratib berilgan sharoit, ularning ishlash hamda yashash sharoitlari bilan joyiga chiqqan holda tanishdi.

Aynan, ishchilarning ovqatlanish sharoitlari bilan tanishish jarayonida, cho‘l hududidagi maxsus oshxonada ishchi-xodimlar bilan birgalikda tushlik qildi.

Ishchi-xodimlarning taomnomalarida nimalar bo‘lishi kerakligi, eng avvalo, ularning yaxshi ovqatlanishlari – yaxshi ishlashlari uchun zamin yaratishini ta'kidlab, bu borada alohida ko‘rsatmalar belgilab berildi.

Ishchi-xodimlar ham o‘z navbatida Boshqaruv raisi tomonidan ularga berilayotgan e'tibor va bildirilayotgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Konlar va quduqlarda amalga oshirilayotgan ishlar mutaxassislar ishtirokida tahlil qilindi. O‘rganishlar davomida tabiiy gaz qazib chiqarilishi uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar ro‘yxati shakllantirildi va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli mutaxassislarga topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi Gazli hududidagi tabiiy gaz qazib chiqarilishi holati hamda konlar va quduqlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish ishlarini yana bir necha kun davom ettiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top