11:34 / 06.03.2021
7161
Shavkat Mirziyoyev: «Farzandlarga mukofot berish to‘g‘ri albatta, lekin onalarni ham unutmasligimiz kerak»

Ayni paytda Toshkentdagi “Kongress-holl” anjumanlar majmuasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tyapti. Unda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Kun.uz muxbiriga xabariga ko‘ra, prezident davlat mukofotlariga loyiq ko‘rilgan ayollarni e'tirof etib o‘tdi.

 “Har yili ushbu qutlug‘ sana arafasida o‘qishda, ishda, jamoat ishlarida, o‘zining iste'dod va qobiliyatini namoyon etishda dastlabki yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarimizga Zulfiya nomidagi davlat mukofotlari beriladi. Bugun ana shunday qizlarimiz qatoriga yana 28 nafar iqtidorli yoshlarimiz qo‘shilmoqda. Ta'kidlashim kerak, ular o‘z iste'dodlari bilan bu mukofotga loyiqligini isbotladilar. 

Ayni vaqtda, bugungi bayram arafasida ko‘p yillar davomida o‘z sohasida katta natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan opa-singillarimizdan 297 nafari “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Men bir narsaga e'tibor qaratmoqchiman – bugun mukofotga loyiq ko‘rilganlarni tabriklar ekanmiz, ularni tarbiya qilgan buyuk ayolni, O‘zbekiston ayolini unutmasligimiz kerak, muqaddas ayolni e'tirof etishimiz lozim. Farzandlarga mukofot berish to‘g‘ri albatta, lekin onalarni, mehr bergan otalarni ham unutmasligimiz kerak”, – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top