09:24 / 08.03.2021
8369
Fransuz milliarderi Olive Dasso aviahalokat qurboni bo‘ldi 

Fransuz milliarderi va siyosatchisi Olive Dasso 7 mart kuni yuz bergan aviahalokat qurboni bo‘ldi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Dassoning o‘limini katta yo‘qotish deb atadi. 

Halokat mahalliy vaqt bilan soat 18da Kalvados departamentidagi Dovil shahri yaqinida yuz bergan. Bortida 69 yoshli milliarder bo‘lgan AS350 Squirrel xususiy vertolyoti havoga ko‘tarilish vaqtida halokatga uchragan. Voqea oqibatida uchuvchi ham halok bo‘lgan. 

Dassoning o‘limi munosabati bilan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamdardlik bildirgan.

“Olive  Dasso Fransiyani yaxshi ko‘rardi. O‘z sohasining yetakchisi, qonun chiqaruvchi, zaxiradagi zobit – u hayoti davomida davlatimizga xizmat qilish va uni qadrlashdan hech to‘xtamagan. Uning kutilmagan o‘limi – katta yo‘qotishdir”, deb hamdardlik bildirgan Makron Twitter’da.

Dasso Fransiyaning “Respublikachilar” partiyasi a'zosi bo‘lgan. U Fransiyadagi eng obro‘li deputatlardan biri hisoblangan.   

Foto: laminute.info

Olive  Dasso Dassault Aviation aviakompaniyasi asoschisi Marsel Dassoning nabirasi hisoblanadi. Kompaniya biznes-jyetlar, Rafale harbiy samolyotlari ishlab chiqaradi, sun'iy yo‘ldoshlar ishlab chiqish, samolyotlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Dasso oilasiga qarashli Dassault Group guruhi shuningdek Fransiyaning nufuzli nashrlaridan biri Figaro’ga egalik qiladi.

Olive Dassoning boyligi 7,3 mlrd dollarga baholangan. U Forbes Real-Time reytingida 361-o‘rinni egallagan. Dasso kompaniya direktorlar kengashidan siyosiy faoliyati sababli ketgan.

Aviahalokat sabablari hozircha noma'lum. Politsiya ushbu halokat yuzasidan tergov boshlagan. 

Top