15:17 / 12.03.2021
2087
Senat raisi: 5,5 ming nafardan ziyod xotin-qizlar jinoyatga qo‘l urgan 
Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan O‘zbekiston ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklar oldini olish va ular profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2020 yil yakuni bo‘yicha axboroti muhokama qilindi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirib, ichki ishlar idoralari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilgani, tizimdagi o‘zgarishlar, islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta'kidladi.

– Mahallalarning qariyb yarmida jinoyat sodir etilmagani ham buning yaqqol dalili, desak mubolag‘a emas, – dedi Oliy Majlis yuqori palatasi raisi. – Biroq, ayrim muammolar ham borki, ular nafaqat ichki ishlar organlari, balki barcha darajadagi davlat va jamoat tashkilotlari mas'uliyatini kuchaytirishni taqozo etadi. Qariyb har to‘rtta jinoyatdan bittasi biror bir kasb-hunar boshini tutmagan, o‘qimaydigan yoshlar tomonidan sodir etilgan, 5,5 ming nafardan ziyod xotin-qizlar jinoyatga qo‘l urgan. 10 mingdan ziyod oilada huquqbuzarlikka sabab bo‘luvchi nosog‘lom muhit shakllangan, ularning yarmi notinch. Oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmagani oqibatida 14 mingdan ziyod huquqbuzarlik sodir etilgan. Qolaversa, shu vaqtga qadar yopiq mavzu bo‘lib kelgan o‘z joniga qasd qilish holatlarining har oltinchisi o‘z vaqtida hal etilmasdan qolgan oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida ro‘y bergan.

Qayd etilishicha, bu boradagi ishlarni “mahallabay”, “fuqarobay” tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan. Joriy yilgi davlat dasturi ham shu bilan bog‘liq. 

“Shunday ekan hech bir davlat yoki jamoat tashkiloti o‘zini chetga olmasligi kerak. Hammamizning vazifamiz bu. Ichki ishlar organlari belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘laqonli va samarali amalga oshirilishini ta'minlashda yetakchi o‘rinda turishi, mas'uliyatni yanada oshirishi lozim. Mahalliy kengashlar ichki ishlar organlari hududiy tuzilmalari rahbarlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha axborotlarini tanqidiy-tahliliy muhokama qilib borishlari maqsadga muvofiq”, dedi Tanzila Norboyeva.

Avvalroq, O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlarining har oltinchisi oilaviy kelishmovchiliklar bois sodir etilgani xabar berilgandi.

Top