O‘zbekiston | 14:10 / 12.03.2021
5913
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlarining har oltinchisi oilaviy kelishmovchiliklar bois sodir etilgan 

Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida O‘zbekiston ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklar oldini olish va ular profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2020 yil yakuni bo‘yicha axboroti eshitildi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, sohada umumiy jinoyatlarning 95,2 foizi fosh etilgan. Tergov organlari qidiruvida bo‘lgan 2 446 nafar shaxs ushlangan va 436 nafar bedarak yo‘qolganlar topilgan. Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan 20 994ta jinoyat aniqlangan.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatgan.

O‘tgan 2020 yilda respublika miqyosida 62 081ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 182,4tadan to‘g‘ri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilik e'tiboridan chetda qolgani oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.

2020 yilda qayd etilgan qotillik jinoyatining har uchinchisi (143tasi, 35,2 foiz), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatining 192tasi (20,5 foiz) oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmagani oqibatida 14 379ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya'ni 50,5 foizi (7 264tasi) Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘z joniga qasd qilish holatlarining har oltinchisi aynan o‘z vaqtida hal etilmasdan qolgan oilaviy kelishmovchiliklar bois sodir etilgan.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotgani oqibatida 2020 yilda 5 774 nafar xotin-qizlar tomonidan 5 520ta jinoyat sodir etilgan. Oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 14 774 nafariga “himoya orderi” berilgan bo‘lsa, shundan 317ta holatda ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yoshlar bilan ishlashda hanuz ko‘plab muammolar saqlanib qolayotgani, ularni bartaraf etishga yetarli darajada e'tibor qaratilmagani oqibatida 2020 yilda respublikada qayd etilgan har to‘rtinchi jinoyat (14 378ta yoki 23,2 foiz) yoshlar, shundan 4 052tasi ish bilan band bo‘lmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Bundan tashqari, 9 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilgani joylarda aholini ish bilan ta'minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatadi, deyiladi ma'lumotda.

Respublika bo‘yicha umumiy yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan yil shu davriga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, yo‘llarda harakatlanish uchun xavfsiz sharoit yetarli darajada tashkil qilinmagani oqibatida 1 962 nafar shaxs vafot etgan.

Mavzuga oid