11:46 / 20.03.2021
3270
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi Sho‘rtan konlarida qazib chiqarish jarayonlarini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib, konlar hamda quduqlarda tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini o‘rgandi.

Dastlab, departament, boshqarma va kon boshliqlari ishtirokida “Sho‘rtan” konida 2021 yilning birinchi choragida uglevodorodlar qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini bajarishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Boshqarma tasarrufidagi konlardan gaz va gaz kondensati qazib chiqarish bo‘yicha boshqarma bosh geologi va kon boshliqlari bilan muloqot o‘tkazildi.

2021 yil dastlabki chorak yakunlari va ikkinchi chorakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarning bajarilishi, ayniqsa, tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarning ijrosi tanqidiy jihatdan tahlil qilinib, dolzarb muammolar, xususan geologiya-qidiruv ishlarini samarali olib borish, 2021 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan geologik-texnik chora-tadbirlarni jadallashtirish orqali belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta'minlash bo‘yicha tegishli mutaxassislarga zarur topshiriqlar berildi.

Jumladan, 2021 yilda uglevodorodlar qazib chiqarishni ko‘paytirish Dasturiga asosan hamkor tashkilotlar tomonidan 21 ta, shuningdek “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z mablag‘lari hisobidan yana 16 ta yangi ishlatish quduqlarni belgilangan grafiklar asosida burg‘ilab ishga tushirish mo‘ljallangan.

Gaz qazib chiqarish barqarorligini ta'minlash maqsadida 177 ta quduqda kapital ta'mirlash ishlarini olib borishda yangi yo‘nalish va tadqiqotlardan keng foydalanish hisobiga tadbirlarning samaradorligini oshirish, yangi gaz konlarini o‘zlashtirish hamda 10 ta texnologik obektlarni ishga tushirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash maqsadida, ishlab chiqarishning barcha jarayonlarini muntazam ravishda zarur material-texnik resurslar va ehtiyot qismlar bilan ta'minlash bo‘yicha tegishli mutaxassislarga ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida
9 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishni ta'minlash bo‘yicha rejalashtirilgan geologik-texnik tadbirlarni samarali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, konlardagi mavjud zaxiralarni maksimal darajada o‘zlashtirish va gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarining barqarorligini ta'minlash maqsadida ko‘zda tutilayotgan “Janubiy Tandircha” va “Bo‘zaxo‘r” konlarida siquv kompressor stansiyalari qurish loyihalarini tezlashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha mas'ul mutaxassislar, loyiha-tadqiqot institutlari va boshqarmalarga topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda 2021 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Uzbekneftegaz GTL” zavodi va istiqboldagi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasini kengaytirish loyihalarini doimiy xomashyo bazasi ta'minlash masalasi muhokama qilinib, istiqbolli yangi maydonlarda izlov-qidiruv ishlarini jadallashtirish bilan tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va ularni o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat geologiya qo‘mitasi hamkorligida joriy yilning 25 fevral kuni Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida uglevodorod xomashyosi zaxiralarini ko‘paytirish va tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirish bo‘yicha bergan topshiriqlarning ijrosini ta'minlash maqsadida, o‘tkazilgan qo‘shma yig‘ilishda soha mutaxassislarining fikrlarini inobatga olgan holda Sho‘rtan zonasida neft va gazga istiqbolli yangi maydonlarni aniqlash maqsadida 3D seysmik-qidiruv ishlarini birgalikda amalga oshirishga kelishib olingan edi.

Seysmik tadqiqotlarni samarali amalga oshirish natijasida neft va gazga istiqbolli yangi maydonlar aniqlanadi, yangi konlar ochilishiga zamin yaratiladi va mavjud konlarning qo‘shimcha istiqbollari aniqlanib o‘zlashtirishga tayyorlanadi. Amalga oshirilgan tadqiqotlar asosida belgilangan maydonlarda burg‘ilash ishlari olib borilib uglevodorodlarning yangi zaxiralari o‘stiriladi hamda tabiiy gazni qazib chiqarishga zamin yaratiladi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish ishlari davomida “Sho‘rtan” konida xizmat qilayotgan ishchi-xodimlarning oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lab berish va boshqa bir qator ijtimoiy masalalar muhokama qilindi hamda qazib chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top