09:49 / 24.03.2021
1212
Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi

“Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qonunning maqsadi mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish va boshqa turdagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon yaratuvchi normalarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini baholash orqali korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar oldini olish hisoblanadi.

Quyidagilar korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazishning asosiy prinsiplari hisoblanadi:

  • normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, ekspertiza natijalari ishlab chiquvchilar tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiyligi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihasini boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan birgalikda baholash;
  • korrupsiyaga qarshi ekspertiza ilmiy asoslangani, xolisligi va keng qamrovliligi hamda natijalari tekshirilishi;
  • korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish paytida ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ular mansabdor shaxslari, tashkilotlar va muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilinishi;
  • ochiqlik va shaffoflik — korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish jarayonlarida jamoatchilik ishtiroki ta'minlanishi;
  • xolislik — korrupsiyaga qarshi ekspertiza xolis va beg‘araz, qat'iy qonuniy, nazariy va amaliy asosda, tegishli mutaxassislik doirasida, har taraflama va to‘liq hajmda o‘tkazilishi;
  • mustaqillik — korrupsiyaga qarshi ekspertiza mustaqil shaxs tomonidan o‘tkazilishi, manfaatdor shaxslar foydasiga xulosa olish maqsadida korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazuvchi shaxsga ta'sir o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi.

Quyidagi holatlarda korrupsiyaga qarshi ekcpertiza o‘tkazilishi majburiy hisoblanadi:

  • Adliya organlari hamda davlat organlari yuridik xizmatlari tomonidan – normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini ishlab chiqishda va vakolatli organga taqdim etishda;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan – korrupsiya xavfi nisbatan yuqori bo‘lgan sohalarda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni umumlashtirish natijalariga asosan.

Adliya organlari quyidagilarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazadi:

  • qonunlar va Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston prezidenti farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalarini - huquqiy ekspertiza jarayonida;
  • idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni - davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilganda;
  • normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini - huquqiy monitoring qilish davomida va qonunchilik bilan belgilangan boshqa holatlarda.

Adliya organlari korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish uchun boshqa davlat organlari vakillarini, shuningdek shartnoma asosida mustaqil ekspertlarni, boshqa tashkilotlar vakillarini jalb qilishga haqlidir.

Yuridik xizmatlar quyidagi hollarda korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazadi:

  • normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini - ko‘rib chiqilishi uchun manfaatdor organlarga taqdim etilishidan oldin;
  • idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni - davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etilishidan oldin;
  • tegishli organlar kundalik faoliyatida qo‘llanadigan normativ-huquqiy hujjatlarni - har ikki yilda kamida bir marta.

Yuridik xizmatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish davomida tegishli organning boshqa tarkibiy bo‘linmalarini, shuningdek mustaqil ekspertlar va boshqa tashkilot vakillarini jalb qilishga haqlidir.

Top