21:48 / 26.03.2021
2920
Rossiya maxsus xizmatlari Germaniya deputatlariga kiberhujum uyushtirishda gumon qilinmoqda

Ma'lumot berilishicha, kiberhujum Ghostwriter hakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Hakerlar deputatlarning elektron pochtalariga virusli maktublar jo‘natgan.

Foto: imago

Germaniya bundestagining yetti nafar va mahalliy parlamentlarning 31 nafar deputati hakerlar hujumiga uchradi, deb xabar berdi Der Spiegel.

Nashrning yozishicha, Germaniya maxsus xizmatlari ushbu hujumga «Rossiyaning GRU maxsus xizmati» aloqador deb gumon qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, kiberhujum Ghostwriter hakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Guruh deputatlarning elektron pochtalariga virusli maktublar jo‘natgan.

 2020 yil oktyabrda YeI va Buyuk Britaniya 2015 yilda bundestagga kiberhujum uyushtirishda ayblab Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgandi.

 Rossiya bundestag faoliyatining bir necha kunga izdan chiqishi va bir necha deputat hamda Germaniya kansleri Angela Merkelning akkauntlari buzib kirilishida ayblangandi. Rossiya buni sanksiya kiritish uchun bahona deb atagan.

Top