Kiberhujumlar: AQSh va Britaniya ikki rossiyalikka nisbatan sanksiyalar kiritdi
AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalar kiritgan Rossiya fuqarolaridan biri «FSB» xodimi. Ikkinchi shaxsning ish joyi ayblov xulosasida ko‘rsatilmagan.
AQSh va Buyuk Britaniya rasmiylari turli mamlakatlarda kompyuter tarmoqlarini buzish kampaniyasini o‘tkazishda ayblangan ikki rossiyalikka nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bir guruh hakerlar AQSh, Buyuk Britaniya va NATOning boshqa davlatlari hamda Ukrainadagi kompyuterlarni buzib kirib, 2019 yilda Buyuk Britaniyadagi saylovlarga ta’sir ko‘rsatish uchun «yomon niyatli xorijiy ta’sir operatsiyalarida» foydalanilgan ma’lumotlarni o‘g‘irlagan, deb xabar berdi payshanba kuni Vashingtondagi Adliya vazirligi.
San-Fransiskodagi federal katta hakamlar hay’ati «FSB» Axborot xavfsizligi markazi («18-markaz») xodimi Ruslan Peretyatko, shuningdek, Andrey Korinetsga qarshi ayblov xulosasini chiqardi. The Insider nashrining yozishicha, global kompyuter hujumi kampaniyasida «16-markaz» (71330-sonli harbiy qism) nomi bilan mashhur Aloqa bo‘yicha elektron razvedka markazi xodimlari ham ishtirok etgan. AQSh Adliya vazirligiga ko‘ra, Siktivkarda yashovchi Rossiya fuqarosi Peretyatko - «FSB» xodimi. Andrey Korinets Komi Respublikasida yashaydi, lekin uning ish joyi nomi aytilmagan.
Ayblov xulosasida qayd etilishicha, Dansing Salome, Seaborgium, Star Blizzard, Coldriver va TA446 nomlari bilan tanilgan «Kallisto» hakerlik guruhi Peretyatko va Korinetsni o‘z ichiga oladi, u NATO mamlakatlarida, Boltiqbo‘yi, Skandinaviya va Sharqiy Yevropada harbiy xizmatchilar, rasmiylar, tahlil markazlari va jurnalistlarga qarshi kiberjosuslik hujumlarini amalga oshiradi.
Davlat departamenti mukofot e’lon qildi
AQSh Davlat departamenti Peretyatko va Korinets, shuningdek, ularning sheriklarining shaxsi yoki joylashgan joyini aniqlashtiradigan ma’lumot uchun 10 million dollargacha mukofot e’lon qildi.
Buyuk Britaniya Moliya vazirligi bayonotida aytilishicha, TAG-53 va BlueCharlie nomi bilan ham tanilgan «FSB» kiberguruhi a’zolari «kiberfaoliyatda, jumladan maqsadli fishing kampaniyalarini tayyorlash va tegishli tadbirlarda qatnashishda ishtirok etgan, bu ruxsatsiz kirish va maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashga olib kelgan». «Bu harakatlar Britaniya institutlari va umuman Buyuk Britaniya hukumatining yaxlitligi, farovonligi va xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin edi», dedi London.
Rossiya elchisi Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, «Rossiyaning Buyuk Britaniya va undan tashqaridagi siyosiy va demokratik jarayonlarga aralashish uchun kibermakondan foydalanishga bo‘lgan urinishlaridan chuqur xavotir mavjudligi» bildirildi.
Mavzuga oid
00:29
Britaniya armiyasining sobiq askari Eron foydasiga josuslik qilganlikda aybdor deb topildi
15:47 / 28.11.2024
Britaniyada "To‘maris" ayollar jamoat birlashmasi tashkil etildi
13:59 / 25.11.2024
Britaniyada 3 ta harbiy baza uzra UUA parvozi qayd etildi
16:48 / 24.11.2024