00:09 / 27.03.2021
43613
Dunyo savdosiga ta'sir ko‘rsatgan kema: Ever Given haqida nimalar ma'lum?

Ever Given konteyner tashuvchi kemasining Suvaysh kanalida kemalar harakatini to‘xtatib qo‘yishi dunyo bozorida narxlar ko‘tarilishiga olib kelmoqda.

Foto: EPA-EFE/SUEZ CANAL AUTHORITY

Voqea

Evergreen transport kompaniyasining Panama bayrog‘i ostida suzayotgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasi Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib, O‘rta yer dengizi va Qizil dengizni bog‘lovchi kanalda kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘ydi.

Kema kanalga ko‘ndalang turib qolgan va ikki tomonlama harakatni to‘sib qo‘ygan. Kemani burishga urinishlar hozircha besamar ketmoqda.

Foto: REUTERS

Ever Given

Ever Given 2018 yilda Yaponiyaning Imabari Shipbuilding kemasozlik kompaniyasi tomonidan qurilgan. Uning uzunligi 400 metr, eni 58,8 metrga teng.

Kema 20 100 dona standart dengiz konteynerlarini (uzunligi 6,1 metr, eni 2,44 metr va balandligi 2,59 metr) tashishga mo‘ljallangan. U 199,5 ming tonna yukni tashiy oladi. Kemaning kreyser tezligi 9,6 uzelga (soatiga 17,7 kilometr) teng.

Oqibat

Lloyd’s List kompaniyasining hisoblab chiqishicha, Ever Given konteyner tashuvchi kemasining Suvaysh kanali orqali harakatlanishni to‘xtatib qo‘yishi jahon savdosiga soatiga 400 mln dollarga tushmoqda.

Kema Suvaysh kanalida tiqilib, harakatni to‘xtatib qo‘yganidan so‘ng neft narxi keskin ko‘tarildi.

Foto: CNES/AIRBUS DS via REUTERS

Hozirda kanalda 200ta kema turib qolgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, suyultirilgan gaz tashuvchi yettita kema yo‘nalishini o‘zgartirgan. Uchta kema Afrikani aylanib o‘tish uchun yo‘lga tushgan, qolgan kemalardagi yuklar esa Osiyo bozoriga sotib yuborilishi mumkin.

 Logistika kompaniyalari ikki o‘t orasida qolgan: yo‘l ochilishini kutish yoki qit'ani aylanib o‘tish. Agarda yo‘l ochilishini kutishsa-yu, yo‘l tez orada ochilmasa, yuklarni yetkazib berish mavhum bo‘lib qoladi. Aylanib o‘tish ko‘p vaqt oladi hamda yetkazib berish narxining ko‘tarilishiga olib keladi.

Suvaysh kanali

Suvaysh kanali Misrning shimoli-sharqiy qismida joylashgan shlyuzsiz dengiz kanali hisoblanadi. U Atlantika va Hind okeanlari o‘rtasidagi eng qisqa suv yo‘li (Afrikani aylanib o‘tishni 8—15 ming kmga qisqartiradi) bo‘lib, Osiyo bilan Afrika o‘rtasidagi shartli geografik chegara deb qabul qilingan. Kanal kema qatnovi uchun 1869 yil 17 noyabrda ochilgan. Uzunligi 161 km (kanalning chiqishdagi davomi bilan esa 173 km), kengligi sirtida 120–150 m, tubida esa 45–60 mni tashkil qiladi. Kemalar kanalni o‘rtacha 11-12 soatda suzib o‘tadi.

2020 yilda Suvaysh kanali orqali 19 mingta kema suzib o‘tgan, bu kuniga 52ta kema degani. 

Ever Given’ga kelsak, u Xitoydan ortilgan yuklarni Niderlandiyaning Rotterdam portiga olib ketayotgan bo‘lgan.

Mavzu
Suvayshda tirbandlik
Ulkan kema Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi, buning ortidan dunyoda neft narxi keskin o‘sdi.
Barchasi
Top