Jahon | 07:23 / 22.12.2021
10675
2 daqiqa o‘qiladi

Misr Suvaysh kanaliga Ever Given konteynerovozi qaytgani sababli favqulodda vaziyat e’lon qildi

Shu yilning mart oyida bir haftaga Suvaysh kanali orqali harakatni to‘xtatib qo‘ygan Ever Given konteynerovozi yana kanaldan o‘tdi. The National News nashrining xabar berishicha, shu munosabat bilan Misr favqulodda vaziyat rejimini e’lon qildi.    

Foto: AP

Nashrda ta’kidlanishicha, Ever Given martdagi voqeadan keyin Suvaysh kanalidan bir marta o‘tgan. Biroq bu safar unga mart oyidagidan ham ko‘proq yuk ortilgani bois Misr hukumati kemaning kanal orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlash maqsadida favqulodda vaziyat rejimini e’lon qilgan.

Xitoydan Niderlandiyaning Rotterdam shahriga yo‘nalgan Ever Given kemasi 23 mart kuni Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib, unga ko‘ndalang turib qolgan. Kema joyidan siljitilmagunga qadar bir hafta davomida kanal orqali harakat to‘xtab qolgan. Bu esa kanalga ikki tomondan kirish joyida yuzlab kemalar to‘planishiga olib kelgan.

Keyinroq Misr sudi Ever Given’ga egalik qiluvchi kompaniya yetkazilgan zararni qoplab bermaguncha, kemani musodara qilish haqida qaror chiqargan. 4 iyulda tomonlar kelishuvga erishgani ma’lum qilingan. 3 kundan keyin esa konteynerovoz yo‘lini davom ettira olgan va Rotterdam portiga 29 iyulda yetib kelgan.

Mavzuga oid