23:52 / 29.03.2021
3622
AQSh aviakompaniyasi 100ta Boeing 737 Max samolyotiga buyurtma berdi

AQShning Southwest Airlines loukosteri Boeing kompaniyasi bilan 100ta 737 Max 7 samolyoti sotib olish bo‘yicha kelishib olganini e'lon qildi. Birinchi 30ta samolyot buyurtmachiga 2022 yilda yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, aviakompaniya avval buyurtirgan 70ta 737 Max 8 o‘rniga ham 737 Max 7’dan sotib olishga qaror qilgan. Shuningdek, aviakompaniya 2029 yilgacha yana 155ta 737 Max’dan sotib oladi.  

AQSh OAVda ta'kidlanishicha, bu 737 Max samolyotlari ishtirokida ikkita aviahalokat yuz bergach, 2019 yil martidan ulardan foydalanish to‘xtatilgandan keyin ularga olingan eng yirik buyurtma hisoblanadi.

737 Max samolyotlarida aviahalokatlarga olib kelgan muammolar bartaraf etilgach, 2020 yil dekabrda AQShda ularning parvozlari tiklandi. 2021 yil yanvarda esa Yevropa ittifoqi ham ulardan foydalanishga ruxsat berdi. Shundan keyin Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasi 75ta 737 Max’ga buyurtma berdi. Mart boshida esa AQShning United Airlines kompaniyasi ham shunday samolyotdan 25tasini sotib olishga qaror qildi.

Top