02:00 / 30.03.2021
5825

SamDTIda xalqaro konferensiya: unda yetti davlatning 250 dan ortiq mutaxassislari qatnashdi

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Joriy yilning 26 mart kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida “Ichki tibbiyot tadqiqotlarida innovatsion taraqqiyot” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyada Polsha, Turkiya, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston kabi xorijiy davlatlar hamda mamlakatimizning yetakchi tibbiyot oliygohlari, ilmiy-tekshirish institutlarining 250 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Zamonaviy tibbiyotda tadqiqotlar o‘tkazilishida innovatsion yondashishlar muhokama qilindi.

Anjumanni SamDTI rektori, professor Jasur Rizayev ochib berdi. Rektor ko‘lami keng, aniq maqsadlarni o‘zida jamlagan tibbiy tadqiqotlarga bag‘ishlangan anjumanlarning bugungi kunda nihoyatda dolzarbligi, yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasining izchil isloh qilinayotgani, kasalliklarga qarshi kurashda ilg‘or xorijiy texnologiyalar va ilmiy-amaliy yechimlarning o‘zlashtirilayotgani haqida so‘z yuritdi.

Konferensiyada xorijiy va yurtimizdagi tibbiyot universitetlari rektorlari, Rossiya va O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi akademiklari, mamlakatimiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi olimlari o‘z chiqishlarida tibbiy tadqiqotlarda innovatsiyalarning muhimligi, zamonaviy tibbiyotning yutuqlari to‘g‘risida fikr bildirishdi.

Xalqaro konferensiyaning asosiy ishlari 8 ta shu'bada davom ettirilib, ularda ichki kasalliklar fanidan, jumladan, kardiologiya, pulmonologiya, gastroenterologiya, revmatologiya, nefrologiya, oila tibbiyoti va boshqa yo‘nalishlarning innovatsion ishlanmalariga bag‘ishlangan 90 dan ortiq ma'ruzalar eshitildi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada respublikamizda tibbiyot sohasi, jumladan, shifokorlarni zamon talabiga mos ravishda tayyorlash, ta'lim va amaliyot sifatini yanada oshirish, sog‘liqni saqlash amaliyotining turli yo‘nalishlariga oid fundamental ilm-fan yangiliklarini doimiy joriy etish, mamlakatimiz tibbiyot oliygohlarining dunyo yetakchi tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan o‘zaro aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Top