18:52 / 30.03.2021
6449
Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban Toshkent viloyatidagi Kartoshkachilik ilmiy markaziga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Viktor Orban Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan O‘zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markaziga tashrif buyurdilar.

Ushbu ilmiy muassasa Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi negizida tashkil etilgan.

Davlat rahbari bu tarmoqqa alohida e'tibor qaratgani bejiz emas. Kartoshka aholining kundalik iste'mol mahsulotlaridan biridir. Uning sifatli va arzon bo‘lishi har bir oila farovonligiga ta'sir qiladi.

Kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini qondirish uchun katta miqdorda urug‘lik zarur. Xususan, yurtimizga iste'mol uchun 200-300 ming tonna, urug‘lik uchun 17 ming tonna kartoshka chetdan keltiriladi.

Endi yangi markaz Vengriyadan keltirilgan navlarni sinovdan o‘tkazish va urug‘lik kartoshka ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda mahalliy va xorijiy navlarni chatishtirish orqali kartoshka yetishtirishning barcha bosqichlarida sifatni ta'minlashga qaratilgan kompleks tizim ishlab chiqiladi. 50 dan ortiq navlar mahalliylashtirilib, kartoshkachilik genofondi yaxshilanadi.

Innovatsion usullar samarasida 2021-2023 yillarda hosildorlikni 30-50 foizgacha oshirish mo‘ljallangan. 2024 yilga borib, 21 ming tonna urug‘lik kartoshka yetishtirish, bu boradagi import o‘rnini to‘liq qoplash maqsad qilingan.

Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ilmiy markazda «in vitro», o‘simliklar patologiyasi, kartoshkani saqlash fiziologiyasi, sifat nazorati bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etilgan. Namunalar tayyorlash, yetishtirish va saqlash xonalari zamonaviy jihozlangan. Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Vengriyadan 4 nafar ilmiy xodim kelgan.

Davlatimiz rahbari mutaxassis va mutasaddilar bilan muloqot qildi. Kadrlar tayyorlashni kengaytirish, dehqon va fermerlarni bu yerda o‘qitib, sohadagi yutuqlarni barcha hududlarga yetkazish zarurligini ta'kidladi.

Mehmonlar fermerlar uchun tashkil etilgan agroxizmatlar markazi, yurtimiz qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan texnika va texnologiyalarni ham ko‘zdan kechirdi.

Top