Jahon | 09:50 / 17.11.2025
3208
5 daqiqa o‘qiladi

Orban: Rossiyaning YeI va NATOga hujum qilishiga doir qo‘rquvlar kulgili

Rossiyaning Yevropa Ittifoqi yoki NATOga hujum qilishi mumkinligidan qo‘rqish kulgili, chunki u aholi sonida ham, harbiy salohiyatda ham ulardan ortda qoladi, deb bayonot berdi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban.

Foto: EPA/ AARON SCHWARTZ / POOL

Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va NATOga ehtimoliy hujumiga doir qo‘rquvlar kulgili, deb ta’kidladi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban. "Barchaga aytamanki, Rossiya YeI yoki NATOga hujum qiladi, degan fikrni kulgili deb hisoblayman — u yetarlicha kuchli emas. Biz ulardan ancha kuchliroqmiz", — dedi Vengriya hukumati rahbari 15 noyabr kuni e’lon qilingan, Axel Springer nemis mediatransmilliy korporatsiyasi rahbari Matias Dyopfnerning MD meets podkastida.

Orbanning eslashicha, YeI aholisi soni 400 million nafardan oshib ketadi, Rossiyada esa bu ko‘rsatkich taxminan 140 million atrofida. Shuningdek, YeI tarkibidagi 27 ta davlatning umumiy harbiy salohiyati ham Rossiyanikidan ustun, deya ta’kidladi u. "Uch yildan ortiq vaqtdirki, rossiyaliklar Ukraina hududini to‘liq egallay olmayapti. Qanday qilib biz, Yevropada, o‘zimizni Rossiyadan zaif, deb iddao qila olamiz?" — deb ritorik savol berdi Vengriya bosh vaziri.

Shu bilan birga, Yevropa siyosatchilari va ekspertlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan ortiqcha iliq munosabatda ayblab kelayotgan Viktor Orban RFning Ukrainadagi harbiy mag‘lubiyati ehtimoliy salbiy oqibatlaridan ogohlantirdi: "Agar yadroviy davlat yadroviy qurol qo‘llamasdan olib borilayotgan urushda yutqazsa, men mutlaqo ishonchim komilki (…), bunday holatda yadroviy qurol qo‘llash xavfi yuzaga keladi".

Bundan tashqari, Orban Germaniya federal kansleri Fridrix Mersni ham tanqid qildi: "Men Germaniya kansleriga, agar qodir bo‘lsam, (Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida — tahr.) tinchlik o‘rnatishda yordam berishga tayyorman, ammo u — urush tomonida". Uning ta’kidlashicha, xuddi shu holat butun YeIga ham taalluqli. Shu munosabat bilan, vaqt "Yevropa Ittifoqidan ko‘ra rossiyaliklar tomonida ishlayapti", deb hisoblaydi Orban.

MD meets podkasti davomida Vengriya bosh vaziri Germaniya sobiq kansleri Angela Merkelning Rossiyaga nisbatan olib borgan siyosati haqida iliq fikr bildirdi. "YeI Kengashining majlislarida ba’zida faqat u va men tinchlik va hamkorlik uchun chiqish qilardik", — dedi u.

Shu bilan birga, Orban migratsiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida uning pozitsiyasi doimo Merkel pozitsiyasidan farq qilganini qo‘shimcha qildi. "Ba’zan u hatto menga baqirardi. Bu yoqimsiz edi, hatto xotinimdan ham ko‘proq", — deya qayd etdi Vengriya bosh vaziri.

Jurnalist Pavel Zarubinning joriy yil may oyida Rossiyada namoyish etilgan "Moskva. Kreml. Putin. 25 let" filmidagi suhbatda Vladimir Putin Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Rossiya qurolli kuchlari uchun yadroviy qurol qo‘llash "zarur bo‘lmaganini" aytgan edi. "Bizni provokatsiya qilishdi, xatoga yo‘l qo‘yishimizni istashdi. Lekin siz hozir tilga olgan (yadroviy — tahr.) qurolni qo‘llashga ehtiyoj bo‘lmadi, umid qilamanki, kerak ham bo‘lmaydi", — dedi Putin.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli harbiy tajovuzi boshlanganidan beri Putin bir necha bor yadroviy qurol qo‘llashni "xavfsizlikni ta’minlashning eng oxirgi chorasi" deb atadi. Shu bilan birga, uning atrofidagi ayrim shaxslar, xususan Xavfsizlik Kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev tomonidan yadroviy qurol qo‘llash haqida deyarli ochiq tahdidlar bir necha bor yangragan.

2024 yil noyabrida Rossiya prezidenti mamlakatning yangilangan yadroviy doktrinasiga imzo chekdi. Undagi asosiy o‘zgarishlar shundan iboratki, har qanday yadroviy quroli bo‘lmagan davlatning, ammo yadroviy davlat ishtirokida yoki uning qo‘llab-quvvatlashi bilan Rossiyaga qarshi tajovuzi RFga nisbatan ularning qo‘shma hujumi sifatida baholanadi.

Mavzuga oid