08:36 / 04.04.2021
4813

O‘zbekistonda bolalar koronavirusga qarshi emlanmayotganiga izoh berildi

Nima uchun bolalar koronavirusga qarshi emlanmaydi? Bu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Botir Qurbonov javob berdi.

— Koronavirusni yuqtirish holati bolalarda ham uchramoqda, ammo nega ularni emlash tavsiya etilmayapti?

— Bolalar o‘rtasida ham kasallanish holatlari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, dunyo olimlari, nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yaratilayotgan vaksinalardan bolalar o‘rtasida foydalanish mumkinligi hozircha tasdiqlanmagan.

Ayni paytgacha tayyor bo‘lgan yoki JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanishga ruxsat etilgan vaksinalar bilan bolalarni emlash hozircha ko‘zda tutilmagan. Shuning uchun 1 apreldan boshlangan emlash tadbirlarida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash tavsiya etilmayapti, – deydi Botir Qurbonov.

Aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top