09:31 / 04.04.2021
2279
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 24 mingga yaqinlashdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda uch kunda 23 ming 780 kishi koronavirusga qarshi emlangani haqida ma'lumot berdi.

«Vaksinatsiyaning uchinchi kunida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jami 9551 nafar fuqaro emlandi.

Vaksina olganlarning 3441 nafarini 65 yoshdan yuqori fuqarolar va 6110 nafarini tibbiyot xodimlari tashkil qildi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

3 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Toshkent shahri (2105 nafar), Namangan viloyati (1189 nafar), Buxoro viloyati (1166 nafar), Andijon viloyati (1083 nafar) va Toshkent viloyati (844 nafar) band qildi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 1 aprel kuni  5018 nafar, 2 aprel kuni  9211 nafar fuqaro emlangan edi. Shu tariqa, mamlakatda vaksina qabul qilganlar soni 23 ming 780 kishiga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top