21:59 / 05.04.2021
3790
Aholi noroziligi sababli Toshloqdagi imom ishdan olindi. U fuqarolarga tahdid qilib kelgan

Toshloq tumani Zarkent qishlog‘ida yashovchi bir guruh fuqarolar mazkur qishloqdagi Abu Hanifa nomli masjid imomi Nishonboy Ahmadaliyevning faoliyatidan norozi bo‘lib kelgan. Diniy idoraning odob-axloq hay'ati majlisi qarori bilan u egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 

Farg‘ona viloyati Toshloq tumani Zarkent qishlog‘i aholisi shu qishloqdagi Abu Hanifa nomli masjid imomi Nishonboy Ahmadaliyev faoliyatidan norozi bo‘lib kelgan. Ma'lum qilinishicha, masjid imomining odobi ham qolganlarga ibrat bo‘ladigan darajada emas. U jahli chiqqan vaqtlarida, ko‘pchilikka qarata “lyuboyingni ustingdan vahhobiy deb yozib tiqtirib (qamatib) yuboraman”, deb dag‘dag‘a qilib kelgan. 

1 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida odob-axloq hay'atining majlisi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Farg‘ona viloyati Toshloq tumani Abu Hanifa nomli masjid imomi Nishonboy Ahmadaliyev ham shaxsan ishtirok etgan. Hay'at a'zolarining xalq orasida u haqida yurgan gap-so‘zlar hamda faktlar bo‘yicha savollariga imom tayinli javob bera olmagan. 

U yangi ishga kelganidan to shu kungacha qishloq ahli uni suymaganini, uzoq joyda yashashi uchun qiynalayotganini, asabi joyida emasligini bildirib o‘tgan. So‘kinganini esa ochiq tan olgan. 

Hay'at a'zolari vaziyatni atroflicha o‘rganib, bir ovozdan N. Ahmadaliyev imomlikka loyiq emas, degan qarorga kelgan. Bu borada tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgani ma'lum qilingan.

Top