18:26 / 05.04.2021
707
Kegeylida eshakda maktabga qatnayotgan o‘quvchi-qizlarga hokim 17 ta velosiped berdi

Ikki kun oldin Kegeyli tumanidagi o‘quvchi-qizlar 6 km uzoqlikdagi maktabga eshakda qatnashayotgani haqida xabar bergan edik.

Bugun Kegeyli tumani hokimi Davletbay Utemuratov «Jangabazar» ovul fuqarolar yig‘inidagi Estek-ko‘pir qishlog‘iga bordi. Hokimlik matbuot xizmatining xabar berishicha, hokim qishloqdagi 35-sonli maktabga olis hududdan qatnayotgan o‘quvchilarning 17 nafariga velosiped bergan.

Hokimlik matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, ushbu maktabga Bo‘zatov tumani «Yerkindarya» OFY «Otar» ovulidan jami 11 nafar o‘quvchi 6 km uzoqlikdagi maktabga eshakda borib kelishadi.

Ma'lumot uchun, o‘quvchi-qizlar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ular maktabning 3-, 4-sinflarida o‘qishini, 4-sinf o‘quvchisi 1-sinfga chiqqanidan beri maktabga eshakda borishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, Chimboydagi o‘quvchilar 8 km uzoqlikdagi maktabga eshakda borishgani haqida yozgandi. Shundan keyin o‘quvchilarga mashina qo‘yib berilgandi. Jamoatchilik esa bolalarga xayriya qilib, 42 ta velosiped olib berdi.

Top