18:31 / 07.04.2021
10316
Putinning maslahatchisi Karib orollarida 15 million yevroga villa sotib oldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi Valentin Yumashev va uning xotini Tatyana Yumasheva Karib dengizidagi Sen-Bartelemi orolida villa sotib olgan. Bu haqda antikorrupsion tashkilotlar bo‘lgan «Transperensi interneshnl – Rossiya» va «iStories»ning birgalikda olib borgan surishtiruvida aytilgan.

Tatyana va Valentin Yumashevlar

Fransiyadagi tijoriy reyestrlardan biri 2020 yil Yumashevlar aynan Sen-Bartelemi orolida CDA kompaniyasini qo‘lga kiritganini ro‘yxatga olgan. Bu korxona ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanishi belgilangan. Savdo vaqtida Yumashevlar Karib havzasidagi Sen-Bartelemi orolida villa ham sotib olgan. Okean sohilidan 160 metr yuqorida joylashgan 2,5 ming kvadrat metr villa 15 million yevroga baholangan. Oldi-sotdi shartnomasiga Valentin Yumashev CDA kompaniyasi vakili sifatida qo‘l qo‘ygan.

Yumashev surishtiruv davomida villa unga tegishli ekanini tasdiqlagan. Uning aytishicha, qimmatbaho villani ishlab topgan va solig‘i to‘langan pullariga sotib olgan. Yetmaganiga esa Rossiyadagi bir bankdan kredit olgan.

Ma'lumot uchun, Valentin Yumashev Rossiya prezidentining ko‘ngilli asosdagi maslahatchisi hisoblanadi. U bu lavozimda 1998 yildan buyon ishlab kelayotgani 2018 yildagina ma'lum bo‘ldi. Yumashevning xotini Tatyana Rossiya birinchi prezidenti Boris Yelsinning qizi. Hozir ular «Yelsin markazi»ning vasiylik kengashi a'zosi hisoblanadi.  

Yelsinning kuyovi Valentin Yumashev 1997-98 yillarda prezident administratsiyasi rahbari bo‘lgan. Tatyana Yumasheva esa otasi prezident bo‘lgan 1996-99 yillarda unga maslahatchi bo‘lgan. Er-xotin Yumashevlar rasman Rossiya siyosiy hayotini tark etgan bo‘lsa-da, hamon mamlakatning ta'siri katta insonlari qatorida tilga olinadi.

2010 yil Tatyana Yumasheva Fransiyada ko‘chmas mulki borligi haqida savolga javob berar ekan shunday degandi: «Dunyoda menga tegishli ekani aytiladigan ko‘chmas mulklar juda ko‘p. Sizga bir gapni aytaman, kimki dunyoning biror nuqtasida go‘yoki menga tegishli ekani aytilgan ko‘chmas mulkni ko‘rib qolsa, bemalol o‘ziga olaversin, men ruxsat beraman».

Top