09:42 / 09.04.2021
1408
Konsullik xarajatlarini qoplash tartibi o‘zgartirildi

Tashqi ishlar vazirligi va Moliya vazirligi qo‘shma qarori bilan yangi tahrirdagi konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlar o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSh dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Haqiqiy xarajatlar o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im miqdorini hisoblash Tashqi ishlar vazirligining har bir diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasasi bo‘yicha tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi.

Yig‘imlar quyidagi miqdorlardan oshmasligi lozim:

  • O‘zbekiston vizasini rasmiylashtirish uchun – 45 AQSh dollari;
  • O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish uchun – 20 AQSh dollari;
  • fuqarolik masalalari bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish uchun – 30 AQSh dollari;
  • fuqarolarni ro‘yxatga olish uchun – 25 AQSh dollari;
  • hujjatlarni legallashtirish va notarial harakatlarni amalga oshirish uchun – 15 AQSh dollari;
  • boshqa konsullik xizmatlari uchun – 20 AQSh dollari.

Haqiqiy yig‘im miqdorlari O‘zbekistonning xorijiy muassasasi rahbari tomonidan Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Haqiqiy xarajatlar AQSh dollarida, boshqa erkin almashtiriladigan valutada, O‘zbekiston xalqaro shartnomalariga muvofiq va o‘zaro tenglik tamoyillariga rioya qilish asosida xorijiy muassasalar joylashgan davlatlar milliy valutasida (milliy valuta erkin almashtiriladigan valuta bo‘lmagan joylarda) qoplanadi.

Konsullik harakatlari amalga oshirilgani uchun kelib tushgan haqiqiy xarajatlar o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imning 70 foizi davlat budjetiga, 30 foizi esa O‘zbekistonning Diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi (ilgari tegishincha 85 foizi va 15 foizi o‘tkazilgan).

Top