15:49 / 09.04.2021
18455

O‘zbekistonda soliq tekshiruvlari sezilarli ko‘paydi. DSQ mas'uli izoh berdi

2021 yilning dastlabki 2 oyida soliq tekshiruvlari soni o‘tgan yilgiga qaraganda 5 barobarga oshdi. Soliq tekshiruvlari kamaytirilishi aytilganiga qaramay, tekshiruvlar soni ozaymadi. Buning sabablari nimada? Kun.uz ushbu mavzu yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi Soliq nazorati departamenti direktori Lutfullo Umurzoqov bilan intervyu uyushtirdi.

2021 yilning dastlabki 2 oyida soliq tekshiruvlari soni o‘tgan yilgiga qaraganda 5 barobarga oshdi. Soliq tekshiruvlari kamaytirilishi aytilganiga qaramay, tekshiruvlar soni kamaymadi.

Tekshiruvlar oshishi sabablari nimada? DSQ tekshiruvlarni kamaytiradimi, qanday yo‘llar bilan? Kun.uz shu kabi savollar yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi Soliq nazorati departamenti direktori Lutfullo Umrzoqov bilan intervyu tashkil etdi.

– Biznes-ombudsmanning xabar berishicha, soliq tekshiruvlari soni o‘tgan yilning dastlabki oylariga nisbatan 5 barobar oshgan. Buning sababi nimada?

– O‘rinli savol. Haqiqatan ham bugungi kunda tekshiruvlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan. O‘tgan yili pandemiya bo‘lgani uchun ko‘p korxonalar faoliyatini to‘xtatib turgan va shu sababli tekshiruvlar o‘tkazilmagan. Bugungi kunda bizda kameral, sayyor va soliq auditi kabi 3 xil soliq tekshiruvi bor. Biznes-ombudsmanni xabardor qilish yo‘li bilan o‘tkaziladigan soliq tekshirishlari 2ta: audit va sayyor soliq tekshiruvi.

2021 yilning yanvar-fevral oylarida soliq tekshiruvlari oshganining sabablaridan biri – korxonalarni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida murojaatlar soni oshganidir.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 avgustdagi 704-sonli qarorida korxonalarni ixtiyoriy tugatish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, ixtiyoriy tugatilayotgan tashkilot rahbari davlat xizmatlari markazi orqali korxonani tugatish to‘g‘risida murojaat yo‘llaydi. Shuningdek, korxona tugatilishi uchun hech qanday soliq qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida hujjatlarni taqdim etishi kerak. Bu holda soliq to‘lovchilarning o‘z murojaatlari asosida soliq tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Kiritilgan murojaatlar asosida soliq organi tomonidan 2020 yilning yanvar-fevral oylarida 490ta sub'yektda yakuniy tekshiruvlar o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021 yilning yanvar-fevral oylarida bu ko‘rsatkich 4 910tani tashkil etib, 4 420taga, ya'ni qariyb 10 barobarga oshgan.

– Nima sababdan korxona tugatilishidan avval soliq tekshiruvi o‘tkaziladi?

– Korxona faoliyat ko‘rsatgan davrda nimadir sotib olgan yoki mahsulot ishlab chiqargan, foyda ko‘rgan hamda buning natijasida soliqlarni to‘lagan. Ammo korxona soliqlarni to‘g‘ri to‘laganmi, yo‘qmi, buni hech kim bilmaydi. Shu jihatlarini aniqlash uchun soliq tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkazilgan soliq auditlari hisobiga ham soliq tekshiruvlari soni ortgan. O‘tgan 2020 yil yanvar-fevral oylarida 205ta soliq auditi o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021 yil yanvar-fevral oylarida bu ko‘rsatkich 404tani tashkil etib, 199taga oshgan.

Sayyor soliq tekshiruvlari bo‘yicha joriy yil yanvar-fevral oylarida sayyor tekshirishlar jami 4 791tani, shundan 2 846tasi «Tahlika-tahlil» avtomatlashtirilgan dastur natijasi va 1 010tasi fuqarolar murojaati hamda 935tasi kameral tekshirish asosida tashkil etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 779taga oshgan.

Fikrim shundayki, soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda pik – eng baland nuqtaga chiqdik. Tekshirishlarning asosiy qismi savdo do‘konlarida xarid uchun chek bermaslik holatlari hamda joriy yilning fevral oyida ishga tushgan «Tahlil-tahlika» dasturi tomonidan soliq xavfi yuqori bo‘lgan korxonalarni aniqlab berish natijasida o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

– Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «obnal ishi» yuzasidan ham shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan korxonalarda soliq tekshiruvlari o‘tkazildi. Soliq tekshiruvlari soni ortganiga bu omil ham sabab bo‘lganmi?

– Buning ham ta'siri bor. «Obnal» – pullarni naqdlashtirishni amalga oshirgan tadbirkorlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi ochilib, buning natijasida soliq organlari ham tekshirishga jalb qilingan.

Shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin korxonaning qo‘shilgan qiymat solig‘ini noqonuniy hisobga olgan yoki olmagani yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv kameral soliq tekshiruvi hisoblanadi va tekshiruv hisobiga kiradi.

Bu o‘tkazilgan soliq tekshiruvi masofadan turib, soliq organi korxonalarga bormasdan, bazada mavjud ma'lumotlar asosida o‘tkazilgan.

– Tekshiruvlar kamayadimi, DSQ bu borada qanday amaliy ishlar qilmoqda?

– Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan onlayn NKM cheklari bo‘yicha tashkil etilgan yutuqli o‘yinlarning 2020 yil iyun-dekabr oylarida o‘tkazilgan 6ta tirajida 373 634ta chek ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2021 yil yanvar-mart oylarida o‘tkazilgan 3ta tirajida 507 161ta, ya'ni 133 527taga ko‘p chek ro‘yxatga olindi. Natijada aholi tomonidan sotib olingan mahsulotlarga chek talab qilinishi oshadi, tadbirkorlarni qonuniy ishlashga targ‘ib etish bilan tekshirishlar kamayadi.

Bundan tashqari, DSQning «Tadbirkor va Soliqchi» Telegram-guruhi ochilib, unga 4 308ta tadbirkorlik sub'yekti a'zo bo‘lgan va tadbirkorlik sub'yektlaridan ularning faoliyatidagi tushunmovchiliklar va yechimini topishda qiynayotgan masalalar yuzasidan kelib tushgan savollarga tezkorlik bilan javob berilmoqda.

Bu soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyat olib borishiga hissa qo‘shadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Top