20:57 / 09.04.2021
24078
Toshkent metrosida ikki poyezd to‘qnashgani haqida xabar tarqaldi. Holat bo‘yicha rasmiy izoh berildi

Rasmiy izohga ko‘ra, «G‘ofur G‘ulom» bekatida texnik sabablar tufayli yo‘lovchilar poyezddan tushirilib, zaxiraga kelgan navbatdagi poyezdga o‘tkazib yuborilgan. Bo‘shagan poyezdni boshqa poyezd shatakka olib, «Beruniy» bekatiga olib kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Beruniy» metro bekatida ikki poyezd to‘qnashgani aytilgan video tarqaldi. Toshkent metropoliteni hodisa yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 7 aprel kuni sodir bo‘lgan.

«7 aprel kuni soat 8:40da, texnik sabablarga ko‘ra «G‘ofur G‘ulom» bekatida yo‘lovchilar poyezddan tushirilib, zaxiraga kelgan navbatdagi poyezdga o‘tkazib yuborilgan. Yo‘lovchilar tushirilgan poyezd boshqa poyezd yordamida shatakka olinib, «Beruniy» bekatiga olib kelingan. Ushbu vaqtda holat yo‘lovchi tomonidan videoga olingan», deyiladi xabarda.

Kompaniya tomonidan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internetda yolg‘on ma'lumot tarqatganlik uchun javobgarlik borligi eslatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, 8 aprel kuni Sergeli yerusti metrosida poyezd yarim yo‘lda avariyaviy to‘xtab qolib, yo‘lovchilar temir yo‘l bo‘ylab piyoda yurishga majbur bo‘lgandi. Mart oyida esa Sergeli metrosida bir yo‘nalishdagi ikki poyezd to‘qnashib ketgandi.

Fevral oyida transport vaziri lavozimiga Ilhom Mahkamov tayinlangan edi. U bungacha to‘rt oy vazir vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgan, undan oldin esa asosan kommunal sohada faoliyat yuritgan: Toshkent shahar hokimligi Binolardan foydalanish departamenti, «Suvsoz» DUK, Toshkent shahri Hududiy kommunal foydalanish birlashmasi, «O‘zkommunxizmat» agentligi, Vazirlar Maxkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti kabilarda rahbar lavozimlarida ishlagan.

Top