Iqtisodiyot | 19:40 / 12.04.2021
8654
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishida davom etmoqda

Mart oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 2,1 foizga ko‘tarilgan. Narxlar o‘sishining eng yuqori ko‘rsatkichlari o‘simlik yog‘ida kuzatilib, ushbu mahsulot 8 foizga qimmatlashgan.

Nicole Tung/Bloomberg

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, mart oyida dunyoda yana oziq-ovqat narxlarida o‘sish kuzatilgan. Bu tendensiya ketma-ket 10 oydan beri davom etmoqda. Bu haqda «Dunyo» xabar bermoqda.

FAO kuzatuvlariga ko‘ra, mart oyida eng ommabop oziq-ovqat mahsulotlarining narxi jahon bozorida 2,1 foizga ko‘tarilgan. Bu 2014 yilning iyunidan beri ushbu indeksning eng yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Narxlarning ko‘tarilishi o‘simlik yog‘i narxlarining o‘sishi bilan bevosita aloqador bo‘lib, fevral oyiga nisbatan ushbu mahsulot 8 foizga qimmatlashgan va deyarli 10 yillik eng yuqori ko‘rsatkichni qayd qilgan.

Soya yog‘i narxi ham keskin o‘sgan, bunga qisman biodizel ishlab chiqaruvchilar tomonidan kutilayotgan katta talab sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Shuningdek, sut mahsulotlari narxi mart oyi davomida 3,9 foizga, go‘sht narxlari indeksining o‘rtacha ko‘rsatkichi 2,3 foizga qimmatlashgan.

Shu bilan bir qatorda, don mahsulotlarining o‘rtacha ko‘rsatkichi 1,8 foizga pasaygan bo‘lsa-da, bu hali ham 2020 yil mart oyiga nisbatan 26,5 foizga yuqori hisoblanadi.

O‘tgan oyda shakar narxlari ham 4 foizga arzonlashgan. Bunga Hindistondan eksport hajmining kutilayotgan sezilarli o‘sishi sabab bo‘lgan. Ammo narxlar o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga yuqoriligicha qolmoqda.

FAO tahlillariga ko‘ra, 2021 yilda dunyoda don mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ortishi kutilmoqda. Yevropaning ko‘p qismida ishlab chiqarish qayta tiklanib, Hindistonda mo‘l-ko‘l hosil kutilayotgani sababli bug‘doy ishlab chiqarish eng yuqori darajaga ko‘tarilib, 785 million tonnani tashkil etishi mumkin, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 foizga ko‘pdir.

Bundan tashqari, Xitoyda chorvachilik sektori tiklanayotgani sabab don mahsulotlarining iste'moli ortishi prognoz qilinmoqda.

Mavzuga oid