Iqtisodiyot | 21:14 / 24.06.2019
6915
2 daqiqa o‘qiladi

FAOga Xitoydan yangi rahbar saylandi

23 iyun kuni Xitoy vakili Tsyuy Dun'yuy BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori lavozimiga saylandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Saylov tashkilotning Rimdagi bosh qarorgohida FAOning 41-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi, unda qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Xitoy vakili uchun 191 a'zo davlatning 108 tasi ovoz berdi. Bosh direktor lavozimi uchun Katrin Jyeslen-Laneyel (Fransiya) va David Kirvalidze (Gruziya) nomzodlari ham ilgari surildi.

Hisob bo‘yicha sakkizinchi FAO bosh direktori 1 avgust kuni lavozimiga kirishadi. Uning vakolati 2023 yil 31 iyulda tugaydi. FAOning hozirgi rahbari braziliyalik Grasiano da Silva tashkilotni 2011 yildan buyon boshqarib kelmoqda.

FAO 1945 yilda tashkil etilgan, bo‘lib, uning strategik maqsadlari ochlikka qarshi kurash, qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va baliqchilikning hosildorlik va barqarorligini oshirish, qishloq hududlarida qashshoqlikni kamaytirishga hissa qo‘shishdan iboratdir.

O‘zbekiston FAOga 2001 yilda a'zo bo‘lgan. 2014 yilda Toshkentda tashkilot vakolatxonasi ochilgan. Kelgusi yilning may oyida O‘zbekistonda ilk bor BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkilotining Yevropa uchun hududiy konferensiyasi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid