20:04 / 12.04.2021
8768
MIBning Qoraqalpog‘iston boshqarmasi xodimlari nomidan Bosh prokurorga shikoyat yo‘llangan. Holatni markaziy apparat o‘rganmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda MIB Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqarmadagi bir qator salbiy holatlardan shikoyat qilib Jo‘qorg‘i Kenges boshlig‘i Murat Kamalov va Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga ariza yozilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu xodimlar boshqarmada tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, korrupsiya va tazyiq o‘tkazish holatlari ko‘payganidan norozilik bildirgan. Jumladan, ayrim tuman bo‘lim boshliqlarining prokuraturadagi tanishlariga ishonib ishga xohlasa kelib, xohlasa kelmasligi, ish vaqtida alkogol ichimliklar iste'mol qilishi, intizomiy jazo olgan holda tanishning kuchi bilan martaba darajalari olgani iddao qilinadi. Boshqarma xodimlari yuqoridagilari Bosh prokurordan shaxsan o‘zining nazorati ostida tekshiruv o‘tkazishni va tizimni «tozalash»ni iltimos qilgan.

Kun.uz ushbu xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida Majburiy ijro byurosi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov bilan bog‘landi. Uning ma'lum qilishicha, rostdan ham byuroga Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari nomidan murojaat kelgan, ammo unda arizachilarning shaxsi keltirilmagan.

Farrux Toshpo‘latovning so‘zlariga ko‘ra, murojaatda nomi ko‘rsatilgan bo‘lim boshliqlarining deyarli barchasi Adliya vazirligi huzuridagi sobiq Sud departamenti davridan buyon samarali mehnat qilib, xizmat burchini vijdonan, namunali bajarib, o‘z ishchanligi bilan xizmat pog‘onalarida yuqorilab kelayotgan xodimlar hisoblanadi.

«Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining 2018 yil 6 noyabrdagi 528-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan ichki mehnat tartib qoidalariga asosan, boshqarma hamda tuman (shahar) bo‘limlarida xizmat qilayotgan xodimlarning ish vaqti soat 09:00dan 18:00ga qadar davom etishi va belgilangan vaqtdan tashqari ishlashiga, shuningdek, shanba va yakshanba kunlari ishga chiqishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat'iy belgilangan. Mazkur ichki mehnat tartib qoidalari bilan amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq Byuroda xizmat qiluvchi har bir xodim imzo qo‘ydirilgan holda tanishtirilgan.

Bundan tashqari, Byuro organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi Nizomda o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda bo‘lgan Byuro xodimlarining, basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, birgalikda xizmat qilishlari taqiqlanishi qat'iy belgilangan», – deydi Farrux Toshpo‘latov.

MIB rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, hozirda byuroning markaziy apparati mas'ul xodimlari tomonidan murojaatda keltirilgan har bir vaj bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlangan va natijasi haqida ma'lum qilinadi.

Top