13:01 / 13.04.2021
2312
«Bizni ham o‘ylaydiganlar bor ekan» – Samarqandda ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarda turli jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislaridan iborat guruh ayni vaqtda «Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostidagi salomatlik aksiyasi doirasida Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi. Aksiya doirasida viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj 148 nafar fuqaroda turli jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Birgina travmatologiya yo‘nalishi bo‘yicha endoprotez moslamasiga ehtiyojmand bo‘lgan 35 nafar fuqaroda jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilishi belgilanib, dastlabki amaliyotlar boshlab yuborildi.

«2015 yilda yiqilib, oyog‘imdan jarohat olgandim. Avvaliga o‘tirib-turishda qiynalgan bo‘lsam, keyinchalik birovning yordamisiz hatto yurolmaydigan bo‘lib qoldim. 3 nafar farzandimning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun o‘qitib ilmli qilishim kerak. Buning ustiga sog‘ligimdagi bu o‘zgarish meni juda qiynay boshladi. Davolanishimning birgina yo‘li jarrohlik amaliyoti orqali endoprotez moslamasini o‘rnatish edi. Bu moslama chet eldan keltirilar ekan va bu amaliyot uchun qo‘lim kaltalik qilib turgan edi. Endi hech qachon yurolmasam kerak, deb o‘ylardim», — deydi tayloqlik 45 yoshli Akbar Ochilov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan salomatlik aksiyasi doirasida shifokorlar bemorni barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tkazib, o‘ng oyog‘iga endoprotez moslamasini o‘rnatishdi. Hozirda A.Ochilov o‘zini juda yaxshi his etyapti. 

«18-20 yildan buyon oyoqlarimdagi nuqson tufayli erkin hayot kechira olmas edim. Mana «temir daftar»ga kiritilib, davlat himoyasiga olindim. Millionlab mablag‘ talab qilinadigan jarrohlik amaliyotlari ham bepul amalga oshirilib, yana qayta oyoqqa turdim. Shifokorlarimizga rahmat, bir-ikki oy ichida to‘liq tuzalishimni aytishmoqda. Yana sog‘lom hayotga qaytayotganimdan xursandman», — deydi Shohida To‘xtayeva.

Bu kabi bemorlar jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng ham malakali mutaxassislar nazoratida bo‘lib, sog‘liqlarini tiklab olishlariga ko‘mak berilmoqda. Ishtixon tumanida tug‘ilgan 59 yoshli Zakiya Umirova ham ko‘p yillardan buyon oyoq og‘rig‘idan azob chekar edi. Yil sayin og‘riq kuchayib, yurish qiyinlashib borayotgandi. Unga ikki tomonlama ko‘ksartiroz tashxisi qo‘yilgan.

«Vrachlar ko‘rsatmasi bilan zarur muolajalarni olib yurgandim. Ahvolim og‘irlashavergach, 2019 yilda o‘ng chanoq son bo‘g‘imida jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Hozir o‘ng oyog‘imda hech qanday muammo yo‘q, bemalol harakatlana olaman. Biroq chap oyog‘imni endoprotezlash jarrohlik amaliyoti uchun imkoniyatim yetmasdi. Yurtimizda shunday xayrli ishlar boshlanibdi, eshitib yurardik, mana, o‘zimiz ham ulardan bahramand bo‘lyapmiz. Prezidentimiz e'tibori xonadonimizgacha kirib kelganini his qilib turibman. Shifokorlar chap chanoq son bo‘g‘imimda endoprotezlash jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga tayyorlashmoqda. Yaqin kunlarda yillar davomida qiynab kelgan darddan xalos bo‘laman, deb shukronalar qilyapman», — deydi Zakiya Umirova.

29 yoshli Zulayho Aliqulovaga sonlarning tug‘ma chiqishi – «ikki tomonlama ko‘ksartiroz 3 daraja» tashxisi qo‘yilgandi, Past Darg‘om tumanida yashovchi bu fuqaroda ham salomatlik aksiyasi doirasida o‘ng chanoq son bo‘g‘imida total endoprotezlash operatsiyasi o‘tkazildi.

«Bizni ham o‘ylaydiganlar bor ekan, ming rahmat, davlatimiz g‘amxo‘rligi natijasida men kabi imkonsiz ahvoldagi bemorlar dardiga darmon topilmoqda. Mana sekin-asta yuryapman. Quvonchim ichimga sig‘mayapti. Endi men ham barcha singari o‘z oyoqlarim bilan, mustaqil harakat qilaman. Odamning qo‘li kalta bo‘lsa, dardi og‘irlashganda kimdan najot kutishni bilmay qolarkan. Duolarimiz dargohiga borib yetganiga shukr», — deydi Zulayho Aliqulova.

Hozirga qadar endoprotez moslamasiga ehtiyojmand bo‘lgan 35 nafar fuqarodan 13 nafarida jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.

«Ta'kidlash joizki, aksiya davomida endoprotezlash amaliyotlari bilan birga buyrak transplantatsiyasi, yurakka stent o‘rnatish kabi eng murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlari tibbiy ko‘rsatmaga qarab, viloyat yoki poytaxtimizdagi eng nufuzli tibbiyot muassasalarida bepul amalga oshirilishi mo‘ljallangan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top