15:29 / 13.04.2021
14743
Ronaldu yana mojaro markazida. U «Yuventus» futbolkasini nima uchun maydonga otdi?

Shunchaki irg‘itdimi yoki sovg‘a qildimi? Ma'lumotlar turlicha.

Foto: Nicolo Campo/Getty Images

Joriy mavsum «Yuventus» uchun yaxshi kechmayapti. Turinliklar A Seriya yetakchisi — «Inter»dan 12 ochko ortda qolib ketishgan. Klubdagilarning barchasi holatdan qoniqish hosil qilishmayapti: vaqti-vaqti bilan ichki ziddiyatlar, Andrea Pirlo bosh murabbiylikdan ketishi haqida xabarlar chiqib turibdi.

«Yuventus»da barchaning asabi tarang, shu jumladan, Krishtianu Ronaldu ham. Turinliklar yetakchisi yoshi 36ga chiqqaniga qaramay, Italiya chempionatida 25 gol bilan to‘purar bo‘lib turibdi. Ammo hatto u ham ba'zida asablarini jilovlay olmaydi. Masalan, so‘nggi turda «Jyenoa»ga qarshi o‘yindan keyin Ronaldu «Yuve» futbolkasini yechib maydonga otdi.

«Jyenoa»ga qarshi o‘yindan keyin nima bo‘ldi?
«Yuventus» va «Jyenoa» bahsi turinliklarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi. Ronaldu harakat qildi, ammo gol ura olmadi. O‘yin yakunlangach, portugaliyalik futbolchi maydondan chiqib ketayotganida futbolkasini gazonga tashladi.

Bu Krishtianu bilan bog‘liq shunday holatlarning birinchisimas. Mart oyi oxirida u Portugaliya terma jamoasi o‘yinidan keyin sardorlik bog‘ichini yechib, maydonga otgandi. O‘shanda Ronaldu o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Serbiya terma jamoasiga urgan goli hisobga olinmaganidan achchiqlangan va hakam hushtagi yangrashidan oldin maydonni tark etgandi.

Ronaldu nega «Yuve» futbolkasini otdi
Ronaldu «Yuventus»dan ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar fonida bunday harakatni turinliklar klubiga yaqqol hurmatsizlik sifatida baholash mumkin. Avvalroq Calciomercato portugaliyalik futbolchi «Yuve»ga juda qimmatga tushayotgani haqida material e'lon qilgandi. Krishtianuning maoshi nafaqat klubda, balki A Seriyada eng yuqorisidir. Turli manbalarga ko‘ra, bu miqdor bonuslar qo‘shilmaganda 30 mln yevroni tashkil etadi.

Ammo Andrea Pirlo barchani xotirjam qilishga shoshildi. «Jyenoa»ga qarshi o‘yindan keyin u Ronaldu shunchaki o‘z o‘yinidan qoniqish hosil qilmaganidan shunday qilganini aytdi. «Bu normal holat. U gol urishni juda istadi, qolaversa, jamoa o‘yini ham istaganimizdek chiqmadi. Ronaldu — haqiqiy chempion, u hamisha jamoaga yordam berishni va o‘z izini qoldirishni istaydi», — deya qayd etdi Pirlo.

Italiyalik jurnalist Romeo Agresti esa holatni boshqacharoq talqin qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘yin vaqtida to‘p uzatib turgan bolboylardan biri Krishtianudan futbolka so‘ragan. Futbolchi esa libosini bolboy tomonga uloqtirgan bo‘lishi mumkin.

Ronaldu o‘zining bu harakati bo‘yicha izoh bermagan.

Top