11:11 / 16.04.2021
9569
«O‘quvchilarga hijobda emas, ro‘molda kelish mumkinligi tushuntirildi» - Namangan viloyat IIB internetda tarqalgan surat bo‘yicha izoh berdi

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlar Ichki ishlar organlari xodimasi qarshisida tik turgani aks etgan surat tarqaldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari rasmlar davlat tashkilotlarining rasmiy saytlarida o‘quvchilar «huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan voyaga yetmagan o‘quvchi qizlar» deya e'lon qilingani, keyinchalik o‘chirib yuborilganidan xavotirlarini bildirishgan.

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. IIBning qayd etishicha, 8 aprel kuni Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-sonli maktab tomonidan tuman IIBga aloqa xati yuborilgan.

Unda maktabda avvaliga 5 nafar, oxirgi kunlarda 10 nafar qiz belgilangan tartibdagi maktab formasini kiyib yurish qoidalariga rioya qilmayotgani, ularga bir necha marta maktab formasida, lozim bo‘lsa, oddiy ro‘mol o‘rab kelishlari to‘g‘risida tushuntirilgani, biroq ota-onalar ham, qizlar ham maktabning ichki tartib-qoidalariga rioya qilmayotgani ma'lum qilingan.

10 aprel kuni ushbu maktabda targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish maqsadida 9—11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida jinoyat sodir etilishining oldini olish yuzasidan muhokama yig‘ilishi tashkil etilgan.

Muhokama davomida aloqa xatida ko‘rsatilgan qizlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan va ularga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli qarori talablari tushuntirilgan.

«Suhbat yakunida o‘quvchi qizlarga maktabga belgilangan tartibda kiyinib kelishlari, hijobda emas ro‘mol o‘rashlari mumkinligi, bunga hech kim qarshilik ko‘rsatmasligi tushuntirib o‘tilgan», — deyiladi munosabatda.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandiga ko‘ra o‘quvchilar ta'lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim.

Avvalroq, O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dekani o‘rinbosari Ravshan Omonov ham ro‘molli qizlarni o‘qishga ibodat libosida kelishda ayblagan videosi tarqalgan edi. Keyinchalik universitet xodimi keng jamoatchilikdan uzr so‘rab chiqdi.

Top