14:14 / 16.04.2021
5301
Yerga mehr qo‘ygan odam kam bo‘lmaydi...
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi xodimlari targ‘ibot tadbirida

Bir parcha yerdan katta daromad olayotgan, hovlisida bir qarich ham bo‘sh yer qoldirmay ekin ekib, oilasiga qut-baraka kiritayotgan odamlar juda ko‘p. Ular o‘z mehnati, sa'y-harakati bilan nafaqat ro‘zg‘orini to‘kin qilmoqda, balki mamlakat ichki bozorini ham boyitib, odamlar olqishiga sazovor bo‘lmoqda.

Bugun yurtimizda fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalari uchun katta imtiyoz va yengilliklar yaratilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 611 mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari 66 ming gektar ekin yerlaridan foydalanib kelishmoqda. So‘nggi to‘rt yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha bir nechta qaror qabul qilindi, ayrimlariga o‘zgartirish kiritildiki, natijada, ekin yeridan samarali foydalangan tomorqa yer egalarini rag‘batlantirish mexanizmi joriy etildi.

Aholi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi xodimlari bilan tadbirda

Xususan, 2018 yil 24 dekabrda qabul qilingan (O‘RQ-508) qonun bilan Soliq kodeksining 311-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Bu orqali dehqon xo‘jaliklari a'zolari hamda 4 sotixdan kam bo‘lmagan tomorqa yerida band bo‘lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam bo‘lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar yiliga sug‘urta badallarini eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida to‘lash orqali bir yil mehnat stajiga ega bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Ushbu yangi tizim asosida, uyma-uy kirib, tomorqaga ekin ekishni targ‘ibot qilish ishlariga keng jamoatchilik jalb qilindi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish maqsadida 2018 yil 26 aprelda 3680-sonli Prezident qarori asosida Kengash huzurida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, viloyatga Jamg‘arma tomonidan 2018–2021 yillarda 57 mlrd 118 mln so‘m, shundan 43 mlrd 403 mln so‘m aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, 13 mlrd 715 mln so‘m «Tomorqa xizmati» MChJlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun yo‘naltirildi.

Tumanlarda tashkil etilgan 61 ta «Tomorqa xizmati» MChJlar tomonidan aholiga urug‘lik, ko‘chatlar yetkazib berish, texnika, kimyoviy ishlov va boshqa xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. MChJlar tomonidan bugungi kunda 31 ta ko‘chat va urug‘ yetkazib berish shoxobcha (do‘kon)lari mavjud bo‘lib, ularda 15,4 tonna sabzavot urug‘lari, 21,5 ming dona mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib berilib, oziq-ovqat zaxirasi uchun zamin yaratildi.

Prezidentning 2020 yil 30 iyundagi PQ-4767-sonli qaroriga asosan Qarshi tumani «Beshkent tomorqa xizmati» MChJ klasteri tomonidan 12 ta yo‘nalishni amalga oshirish uchun Kengash huzuridagi Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 1 mlrd 200 mln so‘m mablag‘ resurslari ajratildi. Bugungi kunda MChJda muzlatkichli omborxona, inkubator, saqlash omborxona, motokultivator, issiqxona, yem ishlab chiqarish uskunasi, kimyoviy vositalar sotish do‘koni, issiqxonalar qurish sexlari mavjud.

Kasbi tumani «Kasbi Agro tomorqa xizmati» MChJ klasteriga 12 ta yo‘nalishni tashkil etish uchun Kengash huzuridagi Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 1 mlrd 900 mln so‘m mablag‘ olish uchun hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Bugungi kunda saqlash omborxona, motokultivator, mini traktor, issiqxona, kimyoviy vositalar sotish do‘koni, issiqxonalar qurish sexlari mavjud. Shuningdek, 2 gektar yerda ko‘chatchilik issiqxonasi tashkil etildi.

2021 yilda Qarshi, Qamashi, Shahrisabz, Kitob, Nishon va Chiroqchi tumanlaridagi «Tomorqa xizmati» MChJlar faoliyatini tomorqachilik klasteri asosida tashkil etish uchun salohiyatli tadbirkorlar tanlab olinib, loyihalari va yo‘l xaritalari va ajratiladigan mablag‘lar uchun hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

2020-2021 yillarda «Shahrisabz tomorqa xizmati», «Shahrisabz shahar tomorqa xizmati», «Ko'hna voha tomorqa xizmati», «Qamashi tomorqa xizmati», «Beshkent tomorqa xizmati» kabi MChJlar tomonidan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston respublikalariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida muayyan mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish orqali mahallalarda tomorqa xizmati korxonalarining kooperatsiyasi yaxshi samara bermoqda.

2021 yil 3 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining 12-sonli yig‘ilish bayoni va mazkur bayonning ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomga asosan viloyatda hozirgi kunda 7944 nafar yoshlarga 3744 gektar yer maydoni ajratib berilgan.

Bu raqamlardan shuni anglash mumkinki, viloyatimizda yerga mehr qo‘ygan va yerni xazina manbai deb bilgan yoshlar uchun imkoniyatlar juda katta. Faqat har bir yigit-qiz o‘zi qilayotgan ishga, mehnatga ishonchi yuksak bo‘lsa, albatta, muddaosiga yetadi. Chunki yurtimizda yerga egalik qilish, undan samarali foydalanish hamda daromad topish uchun barcha qulayliklar va imkoniyatlar mavjud.

Unutmaslik kerakki, har kimga ham yerni ishonib topshirish yaramaydi. Sababi yer ilmini bilmaydigan, fikri-zikri dehqonchilikda emas, balki boshqa sohaga qaratilgan kishilarga yer ajratilsa, ular yerning umrini bekor o‘tkazadi, hosildorligini pasaytirib yuboradi. Shuning uchun haqiqiy yer egalari bo‘lmish fidoyi yigit-qizlarni izlab topib, ularga yer ajratish maqsadga muvofiqdir.

Igor Tursunov,

Qashqadaryo viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini Kengashi raisi

Top