19:40 / 18.04.2021
16946
Farg‘onani kutayotgan o‘zgarishlar va aholi muammolari - viloyat hokimi Xayrulla Bozorov bilan suhbat

Farg‘onani 9 yil boshqargan Shuhrat G‘aniyev hukumatga chaqirilgach, viloyat boshqa bir tajribali hokim – Xayrulla Bozorovga topshirilgan edi. Kun.uz yangi lavozimdagi yarim yillik faoliyati va farg‘onaliklarni qiynayotgan muammolar yuzasidan Xayrulla Bozorov bilan intervyu tashkil etdi.

«25 yil ichida uy-joy industriyasi o‘lgandi»

— O‘zbekistonda eng dolzarb bo‘lib turgan masalalardan biri – aholini uy-joy bilan ta'minlash. Ochig‘i, hamma ham bilib turibdi, O‘zbekistonda oxirgi 25 yil ichida uy-joy industriyasi to‘xtagan, o‘lgandi, desak bo‘laveradi. Umuman ishlamagan.

Quruvchilar ham deyarli yo‘qolib bo‘lgandi.

Namangan viloyati hokimi etib endi tayinlangan paytimda bitta ko‘chani yangitdan quramiz deganimizda, sanoqli quruvchi topganmiz. 2016 yil edi. 5 kilometrli ko‘chani boshidan oxirigacha renovatsiya qilib, 23 ta 4 qavatli uy qurishga o‘z moddiy-texnik imkoniyati bor 13-14ta quruvchi topganmiz xolos.

Bu nima degani? Shu davrgacha umuman qurilish sanoati bo‘lmagan. Ham quruvchi tashkilotlar, ham qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati rivojlanmadi. SSSR paytidan qolgan uchta sement zavodi bilan qolib ketdik, yillar davomida yangisi qurilgani yo‘q. Yangi, zamonaviy qurilish materiallariga o‘tilgani yo‘q. Yangi, zamonaviy shaharsozlik arxitektura-loyihaviy yechimlar qilingani yo‘q; qo‘pol qilib aytganda, eski «xrushevka»larni qurdik.

Mana, muhtaram prezidentimiz rahbarlik qila boshlaganlaridan keyin hamma sohalar qatori qurilish sohasi ham bugun jadal rivojlanyapti. Oxirgi besh yilni avvalgi yillar bilan solishtiradigan bo‘lsak, osmon bilan yercha farqi bor.

Farg‘ona viloyati misolida olsak, bu yil biz juda katta reja olganmiz. Muhtaram prezidentimiz 2021 yilda 4,5 mingta xonadonga ega ko‘p qavatli uylar qurish rejasini bergan, ammo biz rejadan oshirib, bu yil kamida 6,5 ming xonadon quramiz. Har bir tumanda eng kamida 10 tadan ko‘p qavatli uy quriladi.

Bilasizmi, xususiy tadbirkor mana shu [Farg‘ona viloyati hokimligi yaqinida yangi qurilgan] 12 qavatli yangi uylarda 1 metr kvadrat narxini 4,2 milliondan sotdi. Shahar joyda. Shaharning eng markazi ekanini hisobga olsak, 4,2 million – arzon narx.

Prezidentimizning [ipotekaga oid] oxirgi chiqqan qarorlarida 1 metr kvadrat narxi qishloq joylarda 4 milliondan oshmasin dedilar. Hozir qurilish klasteriga aylangan korxonalar bor, ular Farg‘ona viloyatining bir nechta qishloq hududlarida bir pod'yezdli, besh qavatli uylarni quryapti, bir kvadrati 3,2 milliondan to‘g‘ri kelyapti.

Bu degani o‘rtacha 50 kvadratli uy bo‘ladigan bo‘lsa, 150-155 millionga bitta xonadon olsa bo‘ladi. Mana hozir Bog‘dod tumaniga borib ko‘rsanglar bo‘ladi, Muruvvat mahallasida birdaniga 50 ta bir pod'yezdli, 5 qavatli uylar qurilyapti. Bitta qishloqda. Tumanning markazi ham emas. Bitta Bog‘dod tumani mingta xonadonli uylar quryapti. Aytganimdek, bu yil Farg‘onada kamida 6,5 mingta xonadon uy-joyli bo‘ladi.

Bizda nafaqat qurilish industriyasidan, balki uy-joy bozori ham yo‘q edi. Agar har yili 6,5-7 mingta xonadon quradigan bo‘lsak, bozor paydo bo‘ladi. Hozir uy-joy qurilishida davlat ishtiroki yo‘q, hammasini tadbirkorlar quryapti. Tadbirkor bo‘lgach, raqobat muhiti paydo bo‘ladi. Ularga biz aytyapmiz: «Kim arzon, sifatli va tez qurib, sotadigan bo‘lsa, uyni bitkazishi bilan biz yana yer berishga tayyormiz, ikkinchi uyni qurishni boshlasin».

Kambag‘allarni uy bilan ta'minlash haqida

— Kam ta'minlanganlarni uy bilan ta'minlash masalasi. Buning ikki xil yechimi bor. Birinchisi, davlat subsidiyalari. Misol uchun, bu yil Farg‘ona viloyatida 1760 ta oilaga davlat subsidiya beradi. Bu subsidiya uy-joyning boshlang‘ich to‘lovi va 5 yilgacha foizini to‘lab berishga yo‘naltiriladi.

Ikkinchisi, siz aytgandek hech qanday daromad manbayiga ega bo‘lmagan, nogironligi bo‘lgan kabi toifalarga kelsak. Bu yil Farg‘ona viloyatida 100 ta kvartira sotib olib, uni daromadi yo‘q oilalarga faqat kommunal to‘lovlarini to‘lash sharti bilan uzoq muddatga ijaraga beramiz. [Ijtimoiy ijara dasturi asosida] uylar respublika va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan sotib olinadi.

Bu yil birinchi marta shunday bo‘lyapti: davlat sotib olib, ijaraga beryapti. Kommunal to‘lovlarni to‘lab, bemalol yashayveradi.

Fuqarolarni kam ta'minlangan deb topishda tanish-bilishchilik bo‘lmasligi uchun bu vakolat Davlat xizmatlari agentligiga berildi. Agentlik barcha tegishli idoralardan ma'lumotlarni elektron tarzda olib, tekshiradi; agar belgilangan mezonlarga to‘g‘ri kelsa, unga imtiyoz beriladi; to‘g‘ri kelmasa, berilmaydi. Bu o‘tgan yildan boshlandi. Avvallari mahallada komissiya tuzilardi, ularning xulosasini hokim o‘rinbosarlari qoshidagi komissiya ko‘rib chiqardi. Hozir bu narsalar yo‘q.

Bundan tashqari, o‘zingiz ham bilsangiz kerak, «temir daftar», «yoshlar daftari», «ayollar daftari» tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu daftarlarga haqiqiy yordamga muhtojlar saralab olindi. Kerak bo‘lsa, ortig‘i bilan: uncha-muncha qiynalayotganlar ham shu ertaga hayotdan qiynalmasidan deb qo‘shib olindi.

Bugun qo‘limizda shu uchta daftar bo‘yicha elektron baza bor. Bu baza – hokimlar uchun oyna: hududida nechta muhtoj oila bor, nechta ishsiz yoshlar bor, davlat ko‘magiga muhtoj ayollar nechta – shularni ko‘rsatib turadi. Hozir hamma ma'lumotlar qo‘limizda bor.

Ko‘p qavatli uy qurishga berib yuborilgan maktab stadionlari haqida

— Men keliboq hammasini taqiqladim. Nafaqat Farg‘ona shahrida, balki tumanlardagilarni ham taqiqladik: maktab maktabligicha qolishi kerak.

Qurib bitirib qo‘yganlar bo‘lsa, iloji yo‘q endi, buzib bo‘lmaydi. Lekin yer berilib, ozgina qurilishga harakat qilib qo‘yganlarning hammasini to‘xtatganmiz.

O‘zi aslida maktab stadionlari tadbirkorlarga berilganda maktab uchun nimadir qilib berish sharti qo‘yilgan. Lekin baribir maktab bor joyda maktab bo‘lishi kerak. Agar maktab hududida ancha katta yer bo‘sh va qarovsiz yotgan bo‘lsa, o‘sha yerda o‘quv muassasasi tashkil qilsa, muammo yo‘q. Boshqa xizmat turi tashkil qilsa, to‘g‘ri kelmaydi.

  • Xayrulla Bozorov suhbat davomida Chortoqda to‘xtab qolgan 30 mln dollarlik loyiha, aholi va tadbirkorlar murojaatlari, energetika va ichimlik suvi muammolari, Namangan va Farg‘onada ishlashning farqi, hokimlar saylovi va ishdagi stress kabi mavzularda ham so‘z yuritdi. Suhbatni to‘liq shaklda videoda tomosha qiling.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchilar –
Boymirza Halilov,
Tohirjon Tursunov.

Top