15:32 / 19.04.2021
19866
«Tottenhem» Mourinoni iste'foga chiqardi

«Tottenhem» klubi jamoa bosh murabbiyi Joze Mourino iste'foga chiqarilganini rasman tasdiqladi.

Foto: Getty Images

Klub rasmiy saytining xabar berishicha, Mourino bilan birga uning yordamchilari ham jamoani tark etgan. Rasmiy xabarda aytilishicha, portugaliyalik murabbiyning iste'fosiga jamoaning qoniqarsiz natijalari sabab bo‘lgan.

Mourino 2019 yilning kuzida «Tottenhem» boshqaruvini qo‘lga olgandi. Joze o‘shanda klubni tark etgan Maurisio Pochettinoning o‘rnini egallagan. U bilan shartnoma 2023 yil yozigacha tuzilgandi. Shartnomada tovon puli ko‘rsatilmagan, endilikda u yangi klub topmaguncha, klub unga maosh to‘lashda davom etadi.

«Tottenhem» so‘nggi 5ta uchrashuvda faqat bitta o‘yinda g‘alaba qozonib, 2 martadan durang va mag‘lubiyatga uchradi. APL yakuniga 6 tur qolganida Mourino shogirdlari 50 ochko bilan turnir jadvalida 7-o‘rinni egallab turibdi. Klub o‘tgan mavsum APLda 6-o‘rinni egallagan bo‘lsa, joriy mavsumda Yevropa ligasi 1/8 finalida «Dinamo» Zagrebga mag‘lubiyatga uchrab, turnirni tark etgandi.

Mourino faoliyati davomida «Portu», «Inter», «Real», «Chelsi» va «Manchester Yunayted» klublarida ham ishlagan.

Klubni vaqtinchalikka Rayan Meyson boshqarib turadi. 2007-2016 yillarda londonliklar klubida to‘p surgan sobiq futbolchi shu vaqtgacha yoshlar jamoasi murabbiyi sifatida ishlab kelayotgandi.

Jurnalist Trevor Azul tvitterdagi sahifasida Joze Mourinoning «Tottenhem»dan ketishi sababi haqida yozdi. Manba ma'lumotiga ko‘ra, murabbiy «Tottenhem» Superligaga a'zo bo‘lganiga e'tiroz bildirgani uchun ishdan bo‘shatilgan.

Klub rasmiy sayti hozircha murabbiyning ishdan bo‘shash sababi haqidagi xabarlarga izoh bermadi.

Eslatib o‘tamiz, 19 aprelga o‘tar Yevropadagi top-klublar Superliga tuzishgani ma'lum bo‘lgandi, bu ligada «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Real», «Barselona», «Atletiko», «Milan», «Inter» va «Yuventus» klublari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Top