17:41 / 20.04.2021
9657
O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida 157-o‘ringa tushdi

O‘zbekiston jahon matbuoti erkinligi indeksida bir pog‘ona pastlab, 180 mamlakat orasida 157-o‘ringa tushdi. Tahlilchilarga ko‘ra, mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

«Chegara bilmas muxbirlar» nodavlat tashkiloti matbuot erkinligi indeksini yangiladi. 2021 yilgi reytingda O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasidan 157-o‘rinni egalladi.

Respublika «matbuot erkinligi bo‘yicha vaziyat murakkab» davlatlar qatorida qolmoqda.

Mazkur reytingda O‘zbekistonning o‘rni so‘nggi uch yil ichida ilk marta pasaydi. Mamlakat 2018 yilda 165-o‘ringa, 2019 yilda 160-o‘ringa, 2020-yilda 156-o‘ringa ko‘tarilgandi.

Matbuot erkinligi indeksiga O‘zbekiston 2013 yilda kiritilgan. Har yili bahorda e'lon qilinadigan indeks bundan avvalgi yildagi kuzatuvlar xulosalarini aks ettiradi.

«Chegara bilmas muxbirlar» O‘zbekiston matbuot erkinligi borasida muayyan yutuqlarga erishganini qayd etib, qator muammolarni ham sanab o‘tgan.

«Jurnalistlar siyosiy mavzularni, xususan, korrupsiya, majburiy mehnat kabi masalalarni yoritmoqda, biroq oliy hukumatni tanqid qilishgacha hali yetib borilgani yo‘q», deyiladi tahlilda.

Shuningdek, OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish osonlashgani ijobiy natija sifatida qayd etilib, davlat OAV faoliyatini cheklaydigan qonunlarni isloh qilishga shoshilmayotgani ta'kidlangan.

«Kuzatuv, senzura, o‘z-o‘zini senzura qilish kabilar hanuz saqlanib qolmoqda, hokimiyatdagilar OAVni jiddiy nazorat qilmoqda. Blogerlar hanuz qo‘rqitilyapti yoki qamoqqa olinyapti.

O‘zbekiston xorijlik va mamlakatdan chiqarib yuborilgan jurnalistlarga qayta o‘z eshiklarini ochdi, biroq ko‘plab jurnalistlar va nashrlar akkreditatsiyadan o‘tishga qiynalmoqda.

O‘zbekistonda siyosiy plyuralizmga erishmay turib, matbuot erkinligini to‘laligicha ta'minlab bo‘lmaydi. Oldinda hali ham uzoq yo‘l turibdi», – deyiladi hisobotda.

Reytingda yuqori uchlikni Norvegiya, Finlandiya va Shvetsiya band qilgan. AQSh 44-o‘rinda , Rossiya 150-o‘rinni egallagan. Xitoy esa 177-o‘rinda.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iziston 79-, Qozog‘iston 155-, Tojikiston 162-, Turkmaniston  178-o‘rinda qayd etilgan.

  • O‘tgan oyda Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilot – Freedom House ham o‘z yillik hisobotida O‘zbekistonni «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar qatorida qoldirgan edi.
Top