13:16 / 21.04.2021
9074
Samarqandda yana ikkita OTM karantinga yopildi

Samarqandda yana ikkita oliy ta'lim muassasasi karantinga yopilgan va o‘quv jarayoni masofaviy shaklga o‘tkazilgan. Bu haqda har ikkala OTMning axborot xizmatlari xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, mamlakatimizda koronavirus bilan kasallanish holati ortib borayotgani, institut talabalari orasida ham COVID-19 yuqtirish holatlari aniqlangani sababli Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va Samarqand veterinariya meditsinasi instituti 2021 yil 21 apreldan 14 kunga karantinga yopilgan. O‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) shaklga o‘tkazilgan.

Xabarda yozilishicha, har ikkala institutda epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, an'anaviy o‘quv jarayoniga qaytiladi va bu borada qo‘shimcha xabar beriladi.

Ma'lumot uchun, avvalroq TATU Samarqand filiali, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, shuningdek, Samarqand shahridagi 30dan oshiq maktab 14 kunga karantinga yopilgan. Ularda o‘quv jarayoni masofaviy shaklga o‘tkazilgan.

Top