00:01 / 27.04.2021
5481

Nemis tilida pandemiya bilan bog‘liq 1200dan ko‘proq yangi so‘z paydo bo‘ldi

Nemis tilida koronavirus pandemiyasi boshidan beri u bilan bog‘liq 1200dan ko‘proq yangi so‘z paydo bo‘ldi. Ushbu so‘zlar pandemiya vaqtida dolzarb bo‘lgan ijtimoiy masofalashuv, emlash, karantindan toliqish va o‘zini yakkalash bilan bog‘liq.

Foto: DPA

New York Post nashrining yozishicha, pandemiya nemis tilida so‘zlar tanqisligi muammosini yuzaga keltirdi. Yangi so‘zlarga ehtiyoj fuqarolarning pandemiya sharoitidagi yangi turmush tarzi bilan bog‘liq holda paydo bo‘ldi.

Ta'kidlanishicha, lug‘atning yangi so‘zlar bilan boyishi aholi o‘rtasida xavotirlanish darajasini kamaytiradi. Berlin ozod universiteti doktori Kristin Mersning ta'kidlashicha, nemislar shu tariqa biroz tinchlanadilar.

«Dunyoda yangi hodisalar yuz berganda, biz ular uchun yangi nomlar qidiramiz. Nomsiz hodisalar odamlarda qo‘rquv va ojizlik hissini tug‘diradi. Biroq biz narsa-hodisalar nomini bilsak, u haqda bemalol gaplasha olamiz. Bu inqiroz vaqtida juda muhimdir», deb aytgan mutaxassis.

Quyida nemis tilida pandemiya bilan bog‘liq paydo bo‘lgan so‘zlardan bir nechtasi keltirilgan:

  • Balkonsänger – balkonda kuylovchi.
  • Maskentrottel – burnini berkitmagan holda himoya niqobi taqqan odam.
  • Hamsterkauf – vahimada oziq-ovqat zaxiralash.
  • Anderthalbmetergesellschaft – 1,5 metr masofaga amal qilishi lozim bo‘lgan jamiyat yoki «bir yarim metrlik jamiyat».
  • Coronamüde – COVID-19’dan toliqish.
  • Impfneid – emlanganlarga hasad qilish.
  • Coronadiktatur – COVID-19 diktaturasi.
  • Impfzwang – majburiy emlash.

Bu o‘rinda bir qator mutaxassislarning ta'kidlashicha, hattoki Ikkinchi jahon urushi ham nemislar so‘z boyligiga ta'sir qila olmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top