23:42 / 28.04.2021
7708
Oyga birinchi parvozda ishtirok etgan amerikalik astronavt Maykl Kollinz vafot etdi

Amerikalik sobiq astronavt, insoniyat tarixida Oyga qo‘nish bilan kechgan birinchi parvozda ishtirok etgan Maykl Kollinz 90 yoshida saratondan vafot etdi.

Foto: NASA

«Biz otamiz va bobomiz saratonga qarshi mardonavor kurashdan keyin bugun vafot etganini qayg‘u bilan ma'lum qilamiz», deb yozgan astronavtning oilasi tvitterda.

 Kollinzning vafoti munosabati bilan NASA koinot agentligi o‘z hamdardligini bildirgan. «Millat astronavt Maykl Kollinz shaxsida haqiqiy kashshof va tadqiqotlarning umrbod himoyachisini yo‘qotdi. «Apollon-11» qo‘mondonlik punkti uchuvchisi sifatida ko‘pchilik uni «tarixdagi eng yolg‘iz odam» deb atardi: uning hamkasblari insoniyat tarixida birinchi bo‘lib Oy sirtiga qadam qo‘yishgan bir paytda, u mamlakatimizga hal qiluvchi sarhadga erishishda yordam bergan», deb aytilgan agentlik bayonotida.

 Maykl Kollinz Oyga ilk odamlarni yetkazgan mashhur «Apollon-11» kemasining qo‘mondonlik moduli uchuvchisi bo‘lgan. 1969 yil 21 iyulda kema ekipajining qolgan a'zolari – astronavtlar Nil Armstrong va Bazz Oldrin insoniyat tarixida birinchi bo‘lib Oyga qadam bosgan. Kollinzning o‘zi esa Oyda bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lmagan: u Oy yaqinidagi orbitada qo‘mondonlik modulida qolib, u yerdan hamkasblariga ko‘mak ko‘rsatgan.

Top